Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
07:39 / 2026-02-17

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori Sh.Aminov Qo‘ng‘irot tumanida sayyor qabul o‘tkazdi.  Qabul davomida murojaatlarning aksariyati sud-huquq sohasiga oid bo‘ldi.

Kun mobaynida 30 nafarga yaqin shaxs qabul qilinib, ijtimoiy-iqtisodiy masaladagi 9 ta murojaat joyida ijobiy hal etildi. Huquqiy tushuntirish berilgan va joyida hal etilgandan boshqa murojaatlar o‘rganish uchun nazoratga olindi.

Ta’kidlash joizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi organlariga 2025-yil davomida 5 mingdan ortiq murojaat bevosita sayyor qabullar orqali kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 47 foizi ijobiy yechim topgan.

***

To‘rtko‘l tumanidagi “Tozabog‘yop” ovul fuqarolar yig‘ini hududida dala chetlari, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining atroflaridagi maydonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishini tashkil qilish maqsadida ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining 2024-yil 30-dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan tadbirda soha mutaxassislari va seminar ishtirokchilari dala chetlaridagi bo‘sh turgan maydonlardan unumli foydalanish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashdi.

Shu kunning o‘zida dala chetlariga iqlimga mos mevali ko‘chatlar ekildi. Bu esa ilgari e’tibordan chetda qolgan har qarich yerdan qo‘shimcha daromad olish imkonini beradi.

***

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chimboy tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan, undiruvchi Q.G. foydasiga qarzdor Q.I.ning har oydagi jami daromadidan qaramog‘idagi uch nafar farzandining ta’minoti uchun 50 foiz miqdorida aliment undirish belgilangan.

Majburiy ijro byurosi Chimboy tumani bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan ijro harakatlari olib borilgan. Javobgar Q.I. aliment to‘lovini muntazam ravishda o‘z vaqtida to‘lamasligi oqibatida uning qarzi 158 million so‘mdan oshib ketgan. Shu sababli uning javobgarlik masalasini hal etishga qaratilgan harakatlar olib borildi.

Qarzdor Chimboy tumanida joylashgan o‘zining nomidagi uyini sobiq turmush o‘rtog‘iga sovg‘a qildi. Shundan so‘ng, undiruvchi Q.G. Byuroning Chimboy tumani bo‘limiga kelib, yuqorida ko‘rsatilgan sud hujjati asosida undirilishi belgilangan aliment pulidan voz kechishini bildirib ariza berdi va ijro harakati tugatildi.

***

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Ellikqal’a tumani bo‘linmasi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 47-sonli umumta’lim maktabi bilan hamkorlikda buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. 

Tadbirda shoirning boy ijodiy merosi, uning adabiyot, ma’naviyat va jamiyat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilar uning hikmatli so‘zlari, she’rlari va ma’rifatga chorlovchi g‘oyalari bilan tanishib, ularni hurmat bilan yodga oldi.

Shuningdek, Abay Qo‘nonboyev ijodida musiqaning o‘rni ham e’tirof etilib, uning asarlarida badiiy va ruhiy go‘zallikning uyg‘unligi, inson qalbiga ilhom bag‘ishlashdagi roli qayd etildi. Mazkur tadbir yoshlar qalbida adabiyot va san’atga mehrni kuchaytirish, ma’naviy qadriyatlarni hurmat qilish va boy ijodiy merosimizni o‘rganishga undashga xizmat qiladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.