Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
21:41 / 2026-01-14

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Taxtako‘pir tumani partiya tashkilotining navbatdagi Kengash majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi taqdim etildi hamda 2026 yilgi Davlat dasturi doirasida bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

2025 yilda erishilgan natijalarga ko‘ra, 10 ta boshlang‘ich partiya tashkiloti tashkil etilgan bo‘lib, 431 nafar fuqaro partiya a’zoligiga qabul qilindi. Yil davomida jami 74 ta tadbir tashkil etildi va ularda 2 ming 584 nafar fuqaro ishtirok etdi. Bundan tashqari, 4 ta deputatlik so‘rovi yuborilgan bo‘lib, aholi manfaatlari va ekologik muammolarni hal etish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Yig‘ilish yakunida bildirilgan fikr-mulohazalar asosida tegishli qarorlar qabul qilindi va yil davomida partiya faoliyatida faol ishtirok etgan bir qator faollar rag‘batlantirildi.

***

Hududlarda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy etilgan “Ayollar daftari”ning 6-bosqichi yakunlandi.

Bir yil davomida Beruniy tumanidagi 40 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inidan 6 ming 70 nafar xotin-qiz  “Ayollar daftari”ga ro‘yxatga olingan edi.

“Shabboz” ovul fuqarolar yig‘inidagi xatlov natijasida ijtimoiy daftarga kiritilgan 175 nafar xotin-qizga 6 toifa asosida yordam berildi. Xususan, xonadonidagi 10 sotix maydonda 80 tup limon parvarishlayotgan Nigora Qurbonova 20-30 million so‘m sof foyda olishini ma’lum qildi.

***

Chimboy tumani prokuraturasi tomonidan   maktab o‘quvchilarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishlarini orttirish maqsadida matematika fanidan “Prokuror kubogi” doirasida fan olimpiadasi o‘tkazildi.

Ta’kidlash joizki, yoshlar masalasi – bu nafaqat tarbiya masalasi, balki davr talabi, zamon ehtiyoji va mamlakat kelajagini belgilaydigan tarixiy vazifadir. Jami 250 nafardan ortiq o‘quvchi ishtirok etgan mazkur fan olimpiadasi natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni 32-sonli maktab o‘quvchisi G.Yusupova, ikkinchi o‘rinni 2-sonli maktab o‘quvchisi A.Perdebayev, uchinchi o‘rinni esa  43-sonli maktab o‘quvchisi A.Qadirbayev egalladi.

G‘oliblar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

***

Qo‘ng‘irot tumanining sport maktabida 14 yanvar  –  Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.

Musobaqaning ochilish marosimida tuman hokimining o‘rinbosari A. Mamutov ishtirok etib, musobaqa ishtirokchilarini bayram bilan tabrikladi va ularga omad tiladi.

Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy o‘tgan musobaqa yakuniga ko‘ra birinchi o‘rinni tuman Ichki ishlar bo‘limi jamoasi, ikkinchi o‘rinni Favqulodda vaziyatlar bo‘limi jamoasi, uchinchi o‘rinni Milliy gvardiya qo‘riqlash jamoasi egalladi.

Musobaqa g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri