Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
13:33 / 2026-01-10

Nukus shahrida joylashgan fayzli ko‘rkam maskanlardan birida mehnat migrantlarining farzandlari uchun “Xorijdagi vatandoshlarimiz oilalari - doimiy e’tiborda” mavzusida bayram tadbiri o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari N. Yerlepesov, Migratsiya agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali rahbari A. Achilovlar mamlakatimizda mehnat migrantlarining oilalariga ko‘rsatilayotgan doimiy e’tiborni alohida ta’kidlashdi.

Tadbir davomida har bir bolaga yangi yil sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, san’atkorlar va ertak qahramonlari ishtirokida bayram dasturi namoyish etildi.

***

Qorao‘zak tumani prokurori B. Aberkulov yoshlar bilan ochiq muloqot tarzida uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda ta’lim muassasalarining yuqori sinf o‘quvchilari va prokuror otalig‘iga biriktirilgan yoshlar ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan sport sohasini yanada takomillashtirish, xorijiy tillarni o‘rganishni chuqurlashtirish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga oid muammo va takliflar bildirildi. Tuman prokurori yoshlarning takliflarini tinglab, ularning ijobiy hal etilishini nazoratga olishini bildirdi.

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 sentyabrdagi “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, respublika bo‘ylab “Barkamol avlod” bolalar maktablari negizida “Kelajak” markazlari tashkil etilmoqda.

Mazkur qaror ijrosi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Kelajak” markazi direktori R. Tashimov Taxtako‘pir tumanida bo‘lib, markaz xodimlari, o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari bilan uchrashuvlar o‘tkazishdi.

Uchrashuv davomida qarorning mazmun-mohiyati, markazlarning maqsad va vazifalari, yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, kelgusida markazda 7 ta yo‘nalish bo‘yicha jami 45 ta to‘garak faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgani ta’kidlanib, bu orqali o‘quvchi yoshlarga qo‘shimcha bilim va kasb-hunar o‘rgatish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsad qilingani qayd etildi.

***

Nukus Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida gandbol bo‘yicha 2012-2013 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar hamda qizlar o‘rtasida Qoraqalpog‘iston chempionati bo‘lib o‘tdi.

Qizg‘in bahslarga boy bo‘lgan musobaqa yakunida birinchi o‘rinni Nukus shahri, ikkinchi o‘rinni Chimboy tumani, uchinchi o‘rinni Taxiatosh tumani jamoalari egalladi.

G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan diplom va medallar bilan taqdirlanishdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA