To‘rtko‘l tumanida “Ta’lim - korrupsiyadan xoli soha” tashabbusi doirasida barcha ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda ta’lim sohasidagi qonunbuzilish holatlari muhokama qilindi. Bu borada javobgarlik masalasi tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Tadbir doirasida tumandagi barcha maktab o‘quvchilari ishtirokida o‘zbek, qoraqalpoq, rus, turkman, qozoq hamda ingliz tillarida “Yoshlar korrupsiyaga yo‘q deydi!” mavzusida insholar tanlovi o‘tkazildi. Shuningdek, 5-7-sinf o‘quvchilari o‘rtasida rasmlar tanlovi ham tashkil etildi.

G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlanishdi.
***
Kegeyli tumanining “Obod” ovul fuqarolar yig‘inida 105 ming AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘i hisobidan ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.
BMT Taraqqiyot dasturi loyihasi doirasida mavjud suvni chuchuklashtirish stansiyasi to‘liq modernizatsiya qilindi. 12 kub/soat quvvatga ega yangi EKOS tizimi o‘rnatildi va suv tarmoqlari barpo etildi.

Ishga tushirilgan tizim hozirgi vaqtda “Oltinshaq” aholi punktidagi 250 ta xonadonni, ya’ni 1 ming 250 nafar kishini toza ichimlik suvi bilan ta’minlamoqda. Loyihaning ishga tushurilishi aholi turmush sharoitini sezilarli darajada yaxshilaydi va olis qishloq joylarda suv ta’minoti barqarorligini oshiradi.
***
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Ellikqal’a tuman Kengashi tomonidan partiya guruhi a’zolari o‘rtasida “Eng faol deputat” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida tashkil etilgan tanlov qatnashchilari “Aholi muammosini hal etishning eng samarali yo‘li”, “Siyosiy hozirjavoblik” va “Muammoni hal qilish” shartlari bo‘yicha o‘z bilim va tajribalarini namoyish qildilar.
Hakamlar hay’atining baholash natijasi bo‘yicha “Jetkinshek” saylov okrugidan tuman Kengashi deputati Rashid Allabergenov birinchi o‘rinni egalladi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanma oldi.
Deputat Shodiyor Xodjiyev ikkinchi, deputat Anvar Baynazarov uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Bagdagul Echchanova "Yilning eng yaxshi deputat ayoli" nominatsiyasi bilan taqdirlandi.
***
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holati fosh etildi.

Jumladan, yakka tartibdagi tadbirkor “M.M.” savdo do‘konida tijorat maqsadida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 97,8 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakati olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA