O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Mahkamova Taxtako‘pir tumanida yosh oilalar va faol ayollar bilan uchrashdi.
Tashrif davomida tumanda oilaviy ajrimlarning oldini olish, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, kasb-hunarga o‘rgatish, bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shuningdek, yosh oilalar bilan suhbatlashib, ularga ezgu tilaklarini bildirdi. Tuman faollari bilan o‘tkazilgan muloqotda esa oilaviy ajrimlarning sabab va oqibatlari, ularning oldini olish choralari muhokama qilindi.

Bosh vazir o‘rinbosari tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan psixologik yordam xizmati jarayonlarini ham ko‘zdan kechirib, mutasaddilarga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berdi.
***
Tomorqadan foydalanishda beruniyliklarning o‘z tajribasi bor. Ayniqsa, mavsum davomida 2-3 marotaba hosil olish, yerdan samarali foydalanish orqali daromadga ega bo‘lishning sir-sinoatini yaxshi egallagan.
Tumandagi “Biybozor” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi 16 sotix tomorqa egasi Qurol Bekmuratov 1 sotix issiqxonasida bodiring va ko‘katlar ekib, qo‘shimcha daromad olayotgan bo‘lsa, tomorqasida yetishtirgan mahsulotlarni ichki bozorda sotishni yo‘lga qo‘ygan.

Tomorqasida 3 ming tub turli navli uzum ko‘chatlarini yetishtirib, Qozog‘iston Respublikasigacha yetkazib berayotgan tomorqachi Azat Ismailovga bog‘dorchilik ilmi ota meros kasb hisoblanadi. Ko‘chatlarning sifatli bo‘lishi yerning unumdorligi va bog‘bonning tajribasiga bog‘liq. O‘z vaqtida berilgan e’tibor va yillar davomida egallagan tajriba, uzum navlarining yangilarini yaratishga asos bo‘lib xizmat qiladi.
***
Taxiatosh tumani Ichki ishlar bo‘limida fuqarolikga qabul qilingan 6 nafar shaxsga ID-kartalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ularga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga sodiq bo‘lish, mamlakat taraqqiyoti va jamiyat hayotida faol ishtirok etish zarurligi ta’kidlandi. O‘z navbatida fuqarolikga qabul qilingan shaxslar O‘zbekiston xalqining mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik qadriyatlariga sodiq qolishini bildirdi.
Ushbu tadbir mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, fuqarolik masalalarida adolat va ochiqlik tamoyillariga amal qilish borasidagi islohotlarning amaliy ifodasidir.
***
Qo‘ng‘irot tumani 28 oktyabr - Xalqaro dzyudo kuni munosabati bilan 2013-2015 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar va 2012-2014 yillarda tug‘ilgan qizlar o‘rtasida ochiq chempionat o‘tkazildi.

Unda Amudaryo, Xo‘jayli, Qonliko‘l, Kegeyli, Nukus tumanlari va Nukus shahridan jami 250 nafarga yaqin yosh dzyudochi sovrinli o‘rinlar uchun o‘zaro kuch sinashdi. Qiziqarli o‘tgan tuman ochiq chempionatida g‘olib bo‘lgan sportchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA