French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
16:31 / 2025-10-10

Nukus shahridagi yangi ochilayotgan 55-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga o‘quvchilarni qabul qilish boshlandi.

Bu maktabda Prezident maktablari tajribasi joriy etiladi. Unda 1-11-sinflarda amaldagi ta’lim dasturlari asosida o‘zbek va qoraqalpoq tillarida o‘qitiladigan sinflar tashkil etiladi.

Maktabda Kembrij dasturi asosida o‘qitish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi va dastur asosida o‘qitiladigan sinflarga o‘quvchilar xalqaro tajribadan kelib chiqib tanlab olinadi. Shuningdek, aniq va tabiiy fanlarni chuqur o‘qitish uchun xorijiy pedagoglar jalb qilinadi.

Chet ellik pedagoglar hamda ingliz tili sinflarida dars beradigan aniq va tabiiy fanlar o‘qituvchilari suhbatdan o‘tkazilgan holda ishga qabul qilinadi. Bundan tashqari, o‘quvchilar uchun qo‘shimcha zamonaviy to‘garaklar, “Ipoteka bank” bilan hamkorlikda dunyo kutubxonasidan foydalanish uchun “Bilim xonasi” tashkil etiladi. Olis hududlardan qatnab o‘qiydigan o‘quvchilar uchun maxsus avtobus yo‘lga qo‘yiladi.

***

Nukusda BMT Havfsizlik Kengashining “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” to‘g‘risidagi rezolyutsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan milliy maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi xodimlari ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Tadbir davomida xotin-qizlar va bolalarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora- tadbirlari, ularni qo‘llab-quvvatlash, imtiyoz va imkoniyatlar hamda gender tenglikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

***

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Beruniy tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan ikki nafar voyaga yetgan ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolaga uy berildi. 

19 yoshga to‘lgan Behzod Karimov shinamgina uyga ega bo‘lganidan xursand. U Huquqshunoslik yo‘nalishida oliy ta’lim muassasasiga kirish istagida ekanligi, kelajakda yurtimizga foydasi tegadigan mutaxassis bo‘lib yetishish niyati borligini bildirdi.

Dilbar Kojanova 6 yoshida ota-onasidan ayrilib, buvisining qaramog‘ida qolgan. Tikuvchilik hunariga qiziqadi. Unga berilgan uy barcha zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lib, yashash uchun qulayliklar to‘liq yaratilgan.

Yangi xonadon egalari davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga qaratilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun o‘z minnatdorchiligini bildirishdi.

***

Nukus shahrining kirish qismidagi “Kapalak ko‘prik” endilikda nafaqat muhim transport inshooti, balki shahar ruhini ifodalovchi yangi timsollardan biriga aylanmoqda. 

Devorlar milliy ruhni aks ettiruvchi qoraqalpoq milliy naqshlari bilan bezatilib, ularga zamonaviy yoritish tizimi o‘rnatilmoqda. Bu naqshlar xalqimizning boy madaniy merosidan darak berib, ularning zamonaviy me’morchilik bilan uyg‘unlashuvi Nukus shahrining yangi qiyofasini yorqin namoyon etmoqda. Bunday dizayn nafaqat shahar ko‘rkini oshiradi, balki shaharga kirib kelayotgan har bir mehmon uchun milliylik, go‘zallik va zamonaviylik uyg‘unligini his qilish imkonini beradi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri