Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.Ermanovning maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining maktabgacha ta’lim ta’lim sohasiga bo‘lgan alohida e’tibori natijasida tizimda ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, islohotlarning amalga oshirilishini ta’minlash, kelajagimiz bo‘lgan farzandlarimizga sifatli ta’lim-tarbiya berish, ustoz va murabbiylarni ulug‘lash masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelmoqda.

Bugungi kunda bolajonlarning bog‘chalarga borish ko‘rsatkichi 2017 yilga nisbatan 27 foizdan 84 foizga yetkazilgani bu sohada izchil natijalarga erishilayotganidan dalolat beradi. Maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yangi davlat va xususiy bog‘chalar tashkil etilishi, bolalar uchun qulay sharoitlar yaratilishi bu borada katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, uchrashuvda sohada uchrayotgan kamchiliklar ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanmayotgan, ta’lim-tarbiya jarayoniga loqaydlik bilan yondashayotgan ayrim rahbarlar faoliyati keskin tanqid qilindi. Kelajak avlodga ta’lim-tarbiya berishdek mas’uliyatli vazifaga beparvolik bilan qarash mumkin emasligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida mutasaddilarga sohaga oid davlat dasturlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, rahbarlarning mas’uliyatini oshirish, ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
***
Xo‘jayli tumanida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida “Inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari B.Narimonov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Sh.Utemisov va boshqa so‘zga chiqqanlar jamiyatimizda eng dolzarb masalalardan biri bo‘lgan inson huquqlarini himoya qilish, kiberjinoyatchilikning oldini olish, migratsiya muammolari, bandlik va mehnat tartib-taomillari, davlatimiz rahbarining 2025 yil 4 avgustdagi “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati bo‘yicha so‘z yuritishdi.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob olishdi. Shundan so‘ng, fuqarolarning murojaatlari yakka tartibda tinglanib, ularga huquqiy tushuntirish berildi.
***
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligida “Fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlashda notariat va advokaturaning hamkorligi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Notarial hamda Advokatlar palatalari o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida o‘tkazilgan tadbirda notarius va advokatlar hamkorligi masalasi hamda amaliyotdagi muammolar muhokama qilindi. Shuningdek qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Bunday uchrashuvlar fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, odil sudlovga erishish va sud-huquq tizimini yanada isloh etishga xizmat qilishi qayd etildi.
Davra suhbati yakunida hamkorlik tadbirlarini yiliga kamida ikki marta o‘tkazishga kelishib olindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri