Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
10:49 / 2025-09-16

Amudaryo tumanida yangi avlod paxta terish mashinalarini boshqarish bo‘yicha amaliy ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.

Unda tuman hokimlari, qishloq xo‘jaligi xodimlari, fermerlar, shuningdek paxta terish mashinalarining operatorlari va mexanizatorlar ishtirok etishdi.

Seminar ishtirokchilariga “To‘lqin” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Xidirov Samad” fermer xo‘jaligining paxta maydonida Turkiya Respublikasining “Cansa” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan paxta terish mashinasining ish jarayoni va uning afzalliklari namoyish etildi. Shuningdek “Chayko‘l” ovul yig‘ini hududida “Chayko‘l Do‘stlik" fermer xo‘jaligi paxta maydonida Xitoyning “Fm Word” kompaniyasi ishlab chiqargan paxta terish mashinasining ish jarayoni va uning imkoniyatlari bilan tanishtirildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.Ermanov ishtirok etib, paxta yig‘im-terim mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil etish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi. Shundan so‘ng, yig‘ilish ishtirokchilari paxta terish mashinalarini ishlab chiqaruvchi zavod vakillaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.

***

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuratura organlari tomonidan o‘tkazib kelinayotgan sayyor qabullarda kelib tushgan murojaatlarning aksariyati o‘zining ijobiy yechimini topmoqda.

Birgina avgust oyidagi qabullarda kelib tushgan 381 ta murojaatning 65 tasi bandlikni ta’minlash yuzasidan bo‘lib, ushbu murojaatlarning aksariyati qanoatlantirilgan.

Jumladan, I. Abdisharipovaning murojaati Shumanay tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, tumandagi 13-sonli bollalar musiqa va san’at maktabiga doimiy ishga joylashishiga, Chimboy tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro N.Ongarbayevni sartaroshlik kasbiga qayta o‘qitilishiga, A.Tilepova, A.Omirbayevlarga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishlari uchun imtiyozli kredit ajratilishiga ko‘maklashilib, bandligi ta’minlandi.

Bundan tashqari, qabul jarayonlarida joyida ijobiy hal etilgan 100 ga yaqin murojaatning 30 tadan ortig‘i bevosita bandlikni ta’minlash borasidagi murojaat bo‘lib hisoblanadi.

***

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi  boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ishga joylashtirib qo‘yish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi.

Jumladan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filiali xodimasi Z.K. fuqaro A.A.ni ushbu filialga ishga joylashtirib qo‘yishi evaziga 32 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri