Chimboy tumanida “Kenes” ovul fuqarolar yig‘ini hududida IT - shaharcha barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida IT- sohasini chekka hududlarda ham rivojlantirish maqsadida mamlakatimizning bir qator hududlari qatorida Chimboy tumanida ham IT-shaharcha tashkil etish belgilangan edi.

Ta’kidlash joizki, Prezidentimiz shaharchalar yoshlar uchun qulay joyda bo‘lishi bilan birga, ularda yuqori malakali mutaxassislar ham ta’lim berishi kerakligi bo‘yicha alohida topshiriq bergan edi.
Shu asosda, respublikaning shimoliy tumanlari yoshlari uchun qulay joylardan biri sifatida ushbu hududda shaharcha tashkil etildi. Bu shaharcha, o‘z navbatida, yoshlarning zamonaviy kasb va bilim olishi uchun katta imkoniyat markazlaridan biriga aylanadi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
***
Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida 350 o‘rinli yangi talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda oliy o‘quv yurti professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Unda so‘zga chiqqanlar yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, xususan, talabalarni turar joy bilan ta’minlashga qaratilgan ishlarga to‘xtalib, barchani ushbu quvonchli voqea bilan qutlashdi.
Mamlakatimizda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida talaba-yoshlarga qulay yashash sharoitini yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu turar joyning davlat mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida foydalanishga topshirilishi yoshlar uchun katta sovg‘a bo‘ldi. Bu esa olis hududlardan kelgan va kam ta’minlangan talabalar uchun xavfsiz ta’lim muhitini yaratish, ularning o‘qishga bo‘lgan imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
***
Mustaqillik bayrami arafasida Qonliko‘l tumanida ikki nafar yoshga yangi uy-joy topshirildi.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 9 avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mana shunday yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Qaror ijrosini ta’minlash doirasida boquvchisini yo‘qotgan va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni uy-joy bilan ta’minlash, katta hayotga tayyorlash yuzasidan ham bir qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri