Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
19:02 / 2025-07-30

Qorao‘zak tumani Madaniyat saroyida 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda so‘zga chiqqanlar jamiyatda o‘zaro hurmat va mehr-oqibat tuyg‘ularini kuchaytirish, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash masalalariga to‘xtalishdi. Davlatimiz rahbarining bayram tabrigida ta’kidlanganidek, Xalqlar do‘stligi kuni ham xalqimizning tinchlik, do‘stlik va ezgulik g‘oyalari mujassam bo‘lgan boy madaniyati, urf-odat va an’analarini yaqqol namoyish etish uchun yana bir katta imkoniyatdir.

Tadbir doirasida hunarmandchilik va tasviriy san’at hamda kitoblar ko‘rgazmalari tashkil etildi. Tuman madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan “Do‘stlik ohanglari” nomli konsert dasturi barchaga zavq bag‘ishladi.

***

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Soliq boshqarmasi boshlig‘i X. Bekchanov Shumanay tumanidagi kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlari vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuvda soliq sohasidagi so‘nggi o‘zgarishlar, xususan, Prezidentimizning joriy yil 19 martdagi “Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tadbirkorlik sub’ektlariga berilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. 

Tadbirkorlar safini yanada kengaytirish, yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishini ta’minlash maqsadida tashkil etilayotgan uchrashuvlarda soliq qonunchiligiga oid o‘zgarishlar va yangiliklar haqida so‘z yuritilib, xususiy sektor vakillarining mavjud muammo va takliflari o‘rganilmoqda.

Tadbirkorlarning soliq imtiyozlarini qo‘llash, hisobot topshirish, bank va ma’muriy jarimalar bilan bog‘liq muammo va takliflari tinglanib, ijobiy hal etish choralari ko‘rildi.

Tadbir yakunida mamlakatimiz iqtisodiyoti va xususiy sektor rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh namunali soliq to‘lovchilarga minnatdorlik bildirilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.

***

Kasaba uyushmalari tomonidan har yili keksalarni ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, ularning madaniy dam olishlarini, tarixiy shahar va ziyoratgohlarga sayohatlarini tashkil etish hamda tizimdagi sanatoriylarda salomatliklarini mustahkamlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida yashovchi nuroniylarga Xorazm viloyatidagi “Xonqa” hamda Toshkent shahridagi “Kohinur” sanatoriylariga bepul yo‘llanmalar berilib, ularning maroqli dam olishlari tashkil etildi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratulla Rafiqov tashabbusi bilan Bo‘zatov tuman hududida istiqomat qiluvchi 28 nafar nuroniyga Toshkent shahridagi “Chinobod-Plaza” sanatoriyasida bepul sog‘lomlashtirish uchun yo‘llanma berildi.

Nuroniylarni sog‘lomlashtirishdan tashqari, Toshkent shahridagi diqqatga sazovor joylarga sayohatlari hamda madaniy dam olish maskanlariga olib borish tashkil etiladi.

***

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti To‘rtko‘l tumani bo‘limi va Ichki ishlar bo‘limi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda valyuta noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxs ushlandi.

Jumladan valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan S.S. fuqaro M.X.dan 5 ming AQSH dollarini 63 million so‘mga sotib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri