Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
17:50 / 2025-07-04

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qoraqalpog‘iston filialiga ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. 300 o‘rindan iborat filialda 150 nafarga yaqin malakali shifokor, 400 nafarga yaqin o‘rta tibbiyot xodimlari bemorlarga shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va shifokorlarni zarur tor soha mutaxassisligiga qayta tayyorlashga alohida e’tibor qaratilgan. Bunda jarroh, neyrojarroh, travmatolog, terapevt mutaxassisliklari bo‘yicha klinik ordinatura o‘quv dasturi ochilgan. Davolash muassasasi joriy yildan boshlab Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmi bo‘yicha moliyalashtirishga o‘tgan.

So‘nggi yillarda filialning moddiy-texnik bazasi yetarli darajada mustahkamlangan. Jumladan, filial yangi angiografiya, AIK, MSKT, Xolter, raqamli rentgen, FGDS, laporaskop, UTT, gemodializ va boshqa zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Bemorlarga sifatli shoshilinch tibbiy yordam va kam invaziv, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun yetarli sharoitlar yaratildi. 

Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

***

Nukus tumanida aholi turmush darajasini oshirish, transport kommunikatsiyalarini yaxshilash va infratuzilmani takomillashtirish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan “Darsan” mahalla fuqarolar yig‘ini hududiga qarashli To‘vatay qishlog‘iga olib boruvchi ichki yo‘lda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Ushbu loyiha doirasida 700 metrlik yo‘lda ta’mirlash, SHPS qoplamasini yotqizish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu ishlar qishloq aholisining kundalik harakati, bolalarning maktabga borishi va boshqa hayotiy ehtiyojlari uchun qulaylik yaratadi.

***

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi tomonidan 2024-2025 o‘quv yilida 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan asosiy fan olimpiadasining yakuniy bosqichida faxrli birinchi o‘rinni egallagan o‘quvchilar va ularning ustozlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida chet elga sayohatga borish imkoniyati yaratilgan edi.

Shu munosabat bilan g‘olib o‘quvchilar va ularning ustozlari Qirg‘iziston Respublikasiga 4 kunlik ta’lim sayohatiga yo‘l oldi. Xususan, qoraqalpoq tili va adabiyoti fanidan birinchi o‘rinni egallagan Nukus shahridagi 16-sonli umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Dinara Ortiqova, qozoq tili fanidan Qo‘ng‘irot tumani 21-sonli umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Oqmarjon Zinaddinova, geografiya fanidan Chimboy tumani 20-sonli umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Aqilbek Qaljanbayevlar ustozlari bilan birgalikda sayohatga borish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

***

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sportning yengil atletika turi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ushbu musobaqada Beruniy tumanining “Tinchlik” ovul fuqarolar yig‘inidagi 16-21 yosh oralig‘idagi qizlar jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi. 

Bundan tashqari, ushbu ovul fuqarolar yig‘inining 22-26 yosh oralig‘idagi yigitlar jamoasi faxrli uchinchi o‘rinni egallab, yana bir g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Ta’kidlash joizki, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilayotgan tanlov va sport musobaqalarida tuman yoshlari mamlakatimiz miqyosida 3 ta medalga ega bo‘ldi.

***

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani bo‘limi, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan shaxs ushlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Nukusdagi Obodonlashtirish boshqarmasi xodimasi G.A fuqaro A.O.ning ishonchiga kirib, uni o‘zi ishlayotgan joyga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 10 million so‘m pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri