O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi birlashgan qo‘mitasi tomonidan “Kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi” hamda “Yoshlar kuni” bayrami munosabati bilan “Rahbar va yoshlar” mavzusida madaniy tadbir o‘tkazildi. Unda Yoshlar ishlari agentligi, shahar va tuman bo‘limlari faollari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi birlashgan qo‘mitasi raisi Jenisbay Ayapov, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Maxset Tursinov va boshqalar yoshlarni bayram bilan tabriklab, davlatimiz rahbarining 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda so‘zlagan nutqidan kelib chiqadigan vazifalarga to‘xtaldi.

Tadbir yakunida Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, shahar va tumanlari bo‘limlari faol yoshlariga O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Birlashgan qo‘mitasining “Faxriy yorlig‘i”, tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
***
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori E.Tadjiyev “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida To‘rtko‘l tumanida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Dastlab u tuman sport maktabida bo‘lib, sportning bir nechta turlari bo‘yicha yuqori natijalarga erishib kelayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi. Ularning muammolari tinglandi, maktabda yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Maktab ma’muriyatidan sport maktabiga qo‘shimcha bino va sport zallarini qurishda amaliy yordam so‘rab, murojaat kelib tushdi.
Aniqlanishicha, sport maktabida yosh sportchilarga to‘liq hajmda sport bilan shug‘ullanishlari uchun sharoitlar yetarli emas. Shu sababli ushbu murojaat o‘rganish va ijobiy hal qilish choralarini ko‘rish uchun nazoratga olindi.
***
Taxtako‘pir tumani “Qorateran” ekoturistik majmuasida kurash bo‘yicha “Hokim kubogi” musobaqasi o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlaridan 14 ta jamoa ishtirok etdi.

Musobaqa natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni Taxtako‘pir tumani, ikkinchi o‘rinni Chimboy tumani, uchinchi o‘rinni esa Nukus shahri va Nukus tumani jamoalari qo‘lga kiritdi. G‘olib jamoalar kubok, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.