Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
18:24 / 2025-06-20

Beruniy tumani “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy tumani sudi raisi R. Kamolova raisligida oilaviy nizoga oid jinoyat ishi bo‘yicha ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sud jarayonida mahalla faollari ishtirok etdi.

Ochiq sud majlisida ish materiallari, taraflarning fikr-mulohazalari tinglandi va qonun doirasida asoslangan hukm qabul qilindi. Sud majlisi yakunida sudya R. Kamolova tomonidan ishtirokchilarga korrupsiya va odam savdosiga qarshi kurashishga qaratilgan qonun hujjatlari, ularning mazmun-mohiyati hamda bunday jinoyatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida tushuntirishlar berildi. 

Bunday ochiq muloqot va amaliy sud majlislari aholi o‘rtasida huquqiy ong hamda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.

***

Qoraqalpog‘iston Respublikasida voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish hamda “Dolzarb 90 kunlik” tadbirlarini samarali tashkil etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori E.Tojiyev tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ullari ishtirokida Nukus shahridagi 6-sonli umumta’lim maktabi faoliyati o‘rganildi. Maktabda o‘quvchilarga bilim berish metodik jihatdan to‘g‘ri tashkil etilmaganligi, to‘garaklar faoliyati va ta’lim sifati pastligi, psixologlar tarbiyasi og‘ir va muammoli o‘quvchilar bilan muloqotni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymaganligi, fanlar kesimida tematik ish-rejalar tuzilmaganligi aniqlandi. 

Mas’ullarga xato va kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf qilish borasida topshiriqlar berildi.

***

Joriy yilning 3 iyul sanasidan boshlab Centrum air aviakompaniyasi tomonidan yangidan “Nukus - Aqtau – Nukus” yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, parvozlar haftada 2 kun: payshanba va shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi amalga oshiriladi. Shuningdek, “Nukus-Olmaota-Nukus” yo‘nalishi bo‘yicha avval haftada uch marta parvozlar amalga oshirilgan bo‘lsa, endi 3 iyul sanasidan qo‘shimcha yana ikkita reys yo‘lga qo‘yildi. Qo‘shimcha reyslar payshanba hamda shanba kunlari amalga oshiriladi.

Aviachiptalarni rasmiy saytlar va aviakassalar orqali sotib olish mumkin.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri