Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
16:26 / 2025-06-10

Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish, shuningdek, iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Nukus tumani hokimligi, ilmiy tashkilotlar va qishloq xo‘jaligi korxonalari vakillaridan iborat delegatsiya Belarus Respublikasi Minsk shahriga tashrif buyurdi.

Tashrifning birinchi kuni “Belagro-2025”  xalqaro agrosanoat ko‘rgazmasi tashkil etilib, unda agrotexnologiyalar, qishloq xo‘jaligi texnikalari, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va agroinnovatsiyalar sohasidagi so‘nggi yutuqlar namoyish etildi. Ko‘rgazmada Belarus tajribasi asosida qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, mahsulotni qayta ishlash va qishloq xo‘jaligi texnikalari sanoatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari “Texnologii zemledeliya” MCHJ ning raqamli  IAS TTZ platformasi, agrokonsalting va aniq yer usti yechimlari bilan tanishishdi. Shu bilan birga, “Belsemena” uyushmasida urug‘lik mahsulot yetkazib berish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, “NTP-Sintez” MCHJ ning ishlab chiqarish texnologiyalarini Nukus tumanida sinovdan o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, delegatsiya a’zolari mezbonlar bilan Minsk traktor zavodida ishlab chiqarish va servis markazi faoliyati bilan tanishishdi hamda Qoraqalpog‘istonda servis markazi ochish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.

***

Mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida 2024-2025 o‘quv yili yakuniy bosqichga kelib, davlat attestatsiya imtihonlari va bitiruv malakaviy ishlarini himoya qilish tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutini joriy o‘quv yilida bakalavriatning kunduzgi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 2 ming 100, sirtqi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 2 ming 181 nafar talaba, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 144 nafar magistrant bitirib chiqishi kutilmoqda. Ular orasida respublika va xalqaro musobaqalar, tanlovlar va fan olimpiadalari, davlat stipendiyalari tanlovlarining g‘oliblari, o‘quv va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatayotgan ko‘plab yoshlar bor.

Institut rektorati va Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tomonidan tengdoshlariga namuna bo‘lib kelayotgan ana shunday faol talabalarning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi.

***

Taxiatosh tumanidagi “Oydin yo‘l” oromgohida  “Bolalar bilan tabiatni asraylik” mavzusida ijodiy tanlov bo‘lib o‘tdi va unda ishtirokchilar o‘zlarining tabiatga bo‘lgan muhabbat va e’tiborlarini ijodiy ishlari orqali  aks ettirishdi.

Tanlov g‘oliblariga O‘zbekiston Ekologik partiyasi Nukus shahar Kengashi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri