Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
16:11 / 2025-06-03

Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston - Xitoy innovatsion hamkorligiga bag‘ishlangan xalqaro forum doirasida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti bilan Xitoyning nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lgan Sian chet tillari universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ushbu memorandum tomonlar o‘rtasida ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalarida o‘zaro tajriba almashish, professor-o‘qituvchilar va talabalarning akademik mobilligini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy konferensiya va seminarlar tashkil etishni nazarda tutadi. Mazkur forum O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida nafaqat iqtisodiy va siyosiy, balki ta’lim va fan sohasida ham barqaror, samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilayotganining yana bir yorqin dalilidir.

***

Nukus shahrida “Yuventa Nukus” mas’uliyati cheklangan jamiyati  tomonidan umumiy qiymati 20,6 milliard so‘mlik sut mahsulotlaridan muzqaymoq ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi.

Loyiha uchun davlatimiz rahbarining 2022 yil 31 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi va yiliga 672 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratildi. Eng muhimi 23 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.

***

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi  Nukus shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganlik holati aniqlandi.

Jumladan. “T.G.” mas’uliyati cheklangan jamiyatining mas’ul shaxslari ko‘p tarmoqli texnikumning yotoqxona binosida tijorat maqsadida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 284,1 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlab yuborildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.