Ma’lumki, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tajriba-sinov tariqasida boshlang‘ich sinf (1-4-sinf) o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash tizimi joriy etildi.
Bu hududlarda tajriba-sinov tariqasida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash uchun “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlari mahalliy byudjetlariga 100 milliard so‘mdan jami 200 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Davlat dasturida bu amaliyotni 2022 yil 1 apreldan joriy etish belgilangan bo‘lsa, undan ham oldin, ya’ni 2022 yilning fevralidan boshlab yo‘lga qo‘yildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha parlament komissiyasi va Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati xalq ta’limi tizimidagi umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning sog‘lom ovqatlanishi uchun yaratilgan sharoitlar, shuningdek, 1-4-sinf o‘quvchilarining bepul ovqat bilan ta’minlanish holati nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi.

O‘rganishlar jarayonida umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirish borasidagi ishlar — oziq-ovqat mahsulotlari xaridi, yetkazib berilishi, saqlanishi, o‘quvchilarni ovqatlantirish holati, o‘quvchilarning sog‘lom ovqatlanishi uchun oshxonalar va bufetlar tashkil etilgani hamda ulardan foydalanish holatiga e’tibor qaratildi.

Mazkur o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan tadbirda parlament quyi palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova aniqlangan holatlarga to‘xtalib o‘tdi:
— Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan kelishgan xolda “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati umumta’lim maktablaridagi 7-11 yoshli o‘quvchilar uchun nonushtaga mo‘ljallangan 5 kunlik taomnoma” tasdiqlanib, barcha umumta’lim maktablariga yetkazilgan.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi umumta’lim maktablari oshxonalari xatlovdan o‘tkazilib, uning natijalariga ko‘ra, oshxona va bufetlarda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan ta’mirlash va jihozlash choralari ko‘rilmoqda. Umumta’lim maktablarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini doimiy nazorat qilish bo‘yicha mas’ul xodimlar biriktirilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 716 ta umumta’lim maktabi geografik joylashuvini hisobga olgan holda hududlar kesimida 64 ta lotga, Xorazm viloyatidagi 542 maktab 34 lotga joylashtirilib, tender tanlovlari asosida g‘olib topilgan keytering tashkilotlari tomonidan maktablarga har kunlik oziq-ovqat yetkazib berilmoqda.
Kengaytirilgan yig‘ilishda so‘z olgan deputatlar boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini davlat mablag‘lari hisobidan bepul, sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish bilan bog‘liq bir qator taklif, tavsiya va fikrlarini bildirdilar.
Xususan, mazkur jarayonni tashkil etish uchun davlat xaridlarini amalga oshirish mexanizmlarini soddalashtirish, taomnomani mutaxassislar bilan birgalikda qayta ko‘rib chiqish, umumta’lim maktablarida mavjud oshxonalardan to‘laqonli foydalanish uchun sharoitlar yaratish, sharoiti mavjud bo‘lmagan maktablarda oshxonalarni qurish ishlariga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozimligi aytildi.
M.Komilova,
O‘zA