Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoraqalpog‘iston delegatsiyasining Tataristonga tashrifi
11:13 / 2024-07-12

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev rahbarligida mas’ullar va tadbirkorlardan iborat delegatsiya ayni kunlarda Tataristonning Qozon shahrida amaliy safarda.

Dastlab Qozon Ekspo xalqaro ko‘rgazma majmuasida Tatariston Respublikasi savdo-sanoat palatasi boshqaruvi raisi Sh.Ageyev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Rossiya Federatsiyasi va Qoraqalpog‘istondan tashrif buyurgan 100 nafarga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.  

Uchrashuvda Jo‘qorg‘i Kenges Raisi so‘zga chiqib, Qoraqalpog‘istonning investitsion jozibadorligini orttirish borasida Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar, keng imkoniyatlar, istiqbolli loyihalarni ishga tushirish uchun yaratilgan sharoitlarni qayd etdi.  

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda xalqaro aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsion, ijtimoiy sohalar va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli choralar amalga oshirilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hududlari bilan qator yo‘nalishlarda hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, mazkur aloqalar yanada mustahkamlanib bormoqda. Shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Tatariston Respublikasi o‘rtasida bugungi kunda yaqin sheriklik munosabatlari o‘rnatilganligi alohida ta’kidlandi.  

Uchrashuv davomida hamkorlik doirasida yangi loyihalarni amalga oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsion loyihalar ustida hamkorlikda ishlash, tovar almashinuvini yo‘lga qo‘yish va kengaytirish, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari muhokama etildi.  

Shu kuni delegatsiya a’zolari Qozon Ekspo xalqaro ko‘rgazma majmuasida Qurilish va pardozlash materiallari texnologiyalari hamda jihozlarining xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Bu yerda Rossiya Federatsiyasining 14 ta viloyati va Tataristonning 7 ta shahridan tashrif buyurgan ishtirokchilar o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.  

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, tadbirning yuqori darajada tashkil etilganligi uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Ushbu ko‘rgazma qurilish sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish va hududlarimiz ishbilarmon doiralari o‘rtasida biznes maydon bo‘lishini ta’kidladi.  

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri