Kiritilayotgan investitsiyalarning eng foydali va istiqbollisi bu kelajak avlodning ertangi kunini ta’minlash yo‘lidagi sarmoyadir. Shu ma’noda, mamlakatimizda maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish, buning uchun olis va chekka qishloqlargacha munosib va zamonaviy shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Quyi Qorapolvon mahallasida faoliyatini boshlagan 43-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi bolajonlar uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi. 240 o‘ringa mo‘ljallangan, 8 milliard so‘m mablag‘ evaziga barpo etilgan ushbu ko‘rkam maskan nafaqat miqdor, balki sifat jihatidan ham e’tiborga loyiq. Yorug‘ va keng xonalar, zamonaviy jihozlar, xavfsiz o‘yin maydonlari, erkin harakat uchun qulayliklar – bularning barchasi bola qalbidagi orzularni parvozga tayyorlaydigan muhitdir.


Tantanali ochilish marosimida Yangiqo‘rg‘on tuman hokimi Asadulla Najmiddinov, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri Abdurashid Qayumov va mehnat faxriylari mahalla ahlini yangi bog‘cha ochilishi bilan qutladi. Davlatimizning insonparvarlik siyosatida bolalar ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan e’tibor ustuvorlik kasb etayotgani ta’kidlab o‘tildi.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.