Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoramol o‘g‘rilarining xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi
14:12 / 2022-11-08

Qishloqdagi aksariyat xonadonlarda 1-2 bosh qoramol, qo‘y echkisi bo‘ladi. Keksalarimiz molli uy – moyli uy, deb bejizga aytmaganda, chunki 1 bosh govmishi bor xonadonning dasturxonida hamisha sut-qattiq, sariq yog‘-qaymog‘i, chakki-suzmasi bo‘ladi-da.

Lekin ana shu jonivorning vaqtida yemu suvi, xashagu yemishi berilib, qarovi bo‘lsa, egasini o‘z mahsulotidan benasiba qoldirmaydi. Bee’tibor, qarovsiz qoldirdingizmi, yaxshi-yomonni ko‘zi tushadi, birovi u, desa, birovi bu, deydi. Qo‘li ham, ko‘ngli ham egri kimsalar ko‘rsa, shu zahoti qarovsiz molga “ega” chiqadi.  

Dono xalqimizning birovning moli birovga buyurmaydi, degan naqli bor. Ammo, molingni ehtiyot qil, qo‘shningni o‘g‘ri sanama, degan maqol ham borda.  

To‘g‘ri, birovning ne mashaqqat va peshona teri evaziga orttirgan molini o‘zlashtirib olish, o‘g‘irlash va qasddan o‘zganing mol-mulkiga ziyon yetkazish bu – jinoyat va ushbu jinoyatni sodir etgan har qanday shaxs qonun oldida javob beradi.  

Bir insonning to‘yidan qaytayotib, 2 nafar “qadrdon hamtovoq” – Egriboy Kuchikboyev hamda Sotqinqul Qashqirqulovlar (maqoladagi geografik atamalar va personajlarning ismi-sharifi  o‘zgartirildi) Zomin tumani “Bosh Peshag‘or” qishlog‘i ustidagi tog‘ yaylovida o‘tlab yurgan, qarovsiz 2 bosh qora molga ko‘zi tushib, nafs yetovida qasddan o‘g‘irlikka qo‘l urdi. Qishlog‘iga tushishlari bilan o‘zlaricha “puxta”dek tuyulgan rejani tuzib, toqqa, qoramollar o‘tlab yurgan joyga qarab yo‘l oladi.  

Ular hozirgina o‘tgan yo‘llaridan ortlariga qaytishsa, jinoiy niyatlarini kimlardir sezib qolishidan cho‘chib, ko‘rganlarni chalg‘itish maqsadida borar manzillariga shundoqqina qishloq usti bilan o‘tib qo‘yaqolmay, atayin yo‘lni Baxmal tumani orqali aylanma yo‘llar bilan borishga qaror qiladi. Ko‘zlangan manzilga biroz ko‘proq vaqt sarflab bo‘lsada yetib boradi.  

– Tog‘ yaylovida o‘tlab yurgan Zomin tumani “Bosh Peshag‘or” qishlog‘ida yashovchi fuqaro Ya.Tovboyevga hamda J.Tovboyevga tegishli bo‘lgan 1 boshdan 2 bosh qoramolni, qarovsiz yurganligidan foydalanib, yashirin ravishda o‘g‘irlab, “Bosh Peshag‘or” qishlog‘i hududiga qarashli tog‘ yon-bag‘riga haydab keladi va qoramollarni sotish uchun qulay fursat paydo bo‘lganda olib ketishni rejalashtirishadi, – deydi Zomin tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Oybek Allaberdiyev. – Bu mollar har birining o‘rtacha bozor narxi 7 million so‘mdan, jami 14 million so‘mni tashkil etsa-da, o‘g‘rilar sigirlarni xaridor so‘raganiga sotib, pulni shartta cho‘ntakka urishni niyat qiladi.  

Fuqaro Egriboy Kuchikboyev hamda fuqaro Sotqinqul Qashqirqulovlar o‘zaro til biriktirib, jinoiy rejalaridan xabari bo‘lmagan eskidan tanishlari Sh.Murodovga, o‘zlarini qo‘llari kaltalik qilib, ro‘zg‘orlarida biroz qiyinchilik yuzaga kelib qolgan, bechora kimsalar qilib ko‘rsatadi. O‘zlariga “tegishli” bo‘lgan qoramollarini sotib berishni iltimos qilib, uni yolg‘onlariga ishontirishadi.  

Sh.Murodov eski tanishlari Egriboy va Sotqinqullarning jinoyatiga o‘zi bilmagan holda sherik bo‘lib qoladi, mollarni tuman markazidagi surishtiruv-tergov jarayonida shaxsi aniqlangan shu qishloqda istiqomat qiluvchi fuqaroga yirik shoxli 2 bosh qora molni 11 million 800 ming so‘mga sotib yuboradi.  

Birovlarning hisobiga boyishni orzu qilgan mol o‘g‘rilarining rejasi chippakka chiqdi va qilmishi tez fursatda fosh bo‘ldi. Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida qoramollar topilib, guvohlar ishtirokida hujjatlashtirildi. Ikki “qadrdon hamtovoq”qa esa Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan ayblov e’lon qilinib, tergov natijalari sudga taqdim etildi.  

To‘g‘ri yo‘ldan yursang – yetasan murodga, egri yo‘ldan yursang – qolasan uyatga, deb dono xalqimiz bejizga aytmagan. Egriboy Kuchikboyev hamda Sotqinqul Qashqirqulovlarning nafsi oxir-oqibat qonunni buzishga undab, ularni sudning qora kursisiga o‘tqazib qo‘ydi. Qonunni buzgan har qanday kimsaga esa u kim bo‘lishidan qat’iy nazar – jazo muqarrar.  

A.QAYUMOV,  

O‘zA