Kitob —insonni ma’naviy kamolot sari yetaklovchi vosita. Shu bois yurtimizda kitob mutolaasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, kitob – inson tafakkuri va dunyoqarashining yuksalishiga beminnat xizmat ko‘rsatuvchi noyob manbadir.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga ko‘maklashish O'zLiDePning dasturiy maqsad-vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu bois partiya faollari va deputatlari birinchi navbatda aholining, xususan yoshlarning kitobga bo‘lgan muhabbatini yanada oshirish, ularning kitobxonlikka qiziqishini kuchaytirishga e’tibor qaratib kelmoqda.

Yoshlarni keng tafakkurli, bilimli va barkamol insonlar etib tarbiyalash, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish dolzarb vazifalardan biri ekanligini chuqur anglagan Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Komiljon Ro‘ziyev tashabbusi hamda O'zLiDeP Buxoro viloyat va Qorako‘l tumani Kengashlari say’-harakati bilan joriy yilning may oyida 45-“Sayyot” saylov okrugidagi 13 ta umumta’lim maktablarining 5-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Poykent bilimdonlari” yosh kitobxon tanlovi e’lon qilingan edi.

Tumandagi 5-umumta’lim maktabida ushbu tanlovning yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli nizomga asosan o‘quvchi-yoshlar ro‘yxat bo‘yicha ularga tavsiya etilgan adabiyotlarni qunt bilan o‘qib- o‘rganganliklarini, asarlardagi qahramonlar o‘y-kechinmalarini mustaqil ravishda mushohada eta olishlarini, ijobiy va salbiy personajlar bo‘yicha yetarli bilimga ega ekanliklarini amalda ko‘rsata oldi.
Tanlov g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir avvalida o‘quvchi-yoshlar tomonidan mutolaa etilgan badiiy asarlar asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishi namoyish etildi, taniqli shoirlarning she’rlaridan namunalar o‘qildi. Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng talabchan hakamlar hay’ati qarori e’lon qilindi. Tanlovda mutlaq g‘oliblikni 43-maktab o‘quvchisi Shahlo Haydarova qo‘lga kiritdi. Faxrli 1- o‘rin Dilso‘z Bo‘stonova, Rushana Jumaqulova, Farangiz Qodirovalarga, 2- o‘rin Nigora Baxtiyorova, Dildora O‘ktamboyeva, Intizor Askarovalarga, 3- o‘rin esa Ruxshona Yakubova, Malika Naimova, Mehrangiz Norqulovalarga nasib etdi.
Faol ishtirokchi o‘quvchi-yoshlar ham tashkilotchilarning badiiy kitoblar jamlanmasidan iborat esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlariga sazovor bo‘ldi. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazishda munosib hissa qo‘shgan bir guruh pedagog-o‘qituvchilar ham alohida rag‘batlantirildi.
Tanlovda so‘z olganlar bunday ibratli tadbirlar yosh kitobxonlar safini kengaytirishda, ular savodxonligini oshirishda, yoshlarni yuksak ma’naviy-ma’rifiy ruhda tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidlashdi. Yosh avlodni kitob mutolaasi bilan shug‘ullanib, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga, ilm-ma’rifatli bo‘lishga chorladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri