Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qorako‘lda yangilanishlar ro‘y bermoqda
23:58 / 2024-03-03

Deputatlar guruhi hududlarda

Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruhi viloyatning Qorako‘l tumanida bo‘lib, tumanda mamlakatimiz Prezidenti raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda makroiqtisodiy barqarorlik, hududlar iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash, investitsiya va eksport hajmini oshirish, sanoat, qurilish, transport, ekologiya hamda ijtimoiy sohalarda 2024-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar ijrosi qanday bajarilayotgani bilan yaqindan tanishmoqda.

Xususan, quyi palataning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Ravshan Mamutov boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari o‘rganishlarini tuman hokimi Xurshid Tohirov hamrohligida “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasidan boshladi.

“ENTER STEEL KARAKUL” MCHJ negizida 58 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya hisobiga amalga oshirilayotgan metall quvur hamda katta hajmdagi rezervuarlar ishlab chiqarish zavodi faoliyati ko‘zdan kechirildi. Ayni vaqtda test rejimida ishlayotgan metall quvur ishlab chiqarish zavodining birinchi bosqichi yaqin kunlar ichida to‘liq quvvat bilan ish boshlashi kutilmoqda. Qariyb 75 gektar maydonni egallagan zavodlar to‘liq ishga tushganidan keyin quvvati yiliga 300 ming tonna metall quvur va 300 dona katta hajmdagi sig‘im—rezervuar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi hamda 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ishchi guruhining navbatdagi manzili tuman markazidagi “Acharya” universteti bo‘ldi. Ta’kidlash joizki, Qorako‘l tumanida Hindistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblangan “Acharya” universiteti filiali ochilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Shunga qaramay, mazkur xorijiy ta’lim muassasasida o‘qish istagini bildirgan yoshlar safi kengayib bormoqda. Bunga universitetda yigit-qizlar zamonaviy axborot texnologiyalari,  kiberxavfsizlik, biznes tahlil va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha mukammal bilim olish imkoniyatiga ega ekanliklari katta qiziqishga sabab bo‘lmoqda.  

E’tiborlisi, bu oliy ta’lim dargohidagi pedagoglarning 70 foizi xorijdan, aniqrog‘i, Hindistonning o‘zidan kelib ta’lim bermoqda. Mahalliy o‘qituvchilar esa Hindistonda malaka oshirishadi. Hozir oliy ta’lim dargohida 150 nafar talaba tahsil olmoqda. Xullas, endi xalqaro IT ta’limiga ega bo‘lish uchun chet el yoki poytaxtga borish shart emas.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023-yilning 29-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi videoselektorda O‘zbekistonda suv xo‘jaligida “kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil” e’lon qilindi. Shundan kelib chiqib, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarida ish ayni qizigan qishki-bahorgi mavsumda Qorako‘l tumanida umumiy uzunligi 139 kilometrga teng ichki tarmoq ariqlarini betonlashtirish chora-tadbiri olib borilmoqda.

Ishchi guruhi a’zolari Mallaishayx mahallasidan o‘tuvchi “Ziyorat” arig‘ining uzunligi 2 kilometr masofadagi o‘zanida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Hududda yashovchi aholining ham taklif va istaklariga quloq tutdi.

Ishlab chiqarish subyektlari orasida bugun “Merganteks” ko‘p tarmoqli paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan umumiy qiymati 5 million AQSH dollariga teng qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan tomchilatib sug‘orish qurilmalari va ular uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqarish loyihasi ro‘yobga chiqarilmoqda. Ayni paytda bu yerda sug‘orish tizimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha AQSH hamda Xitoy davlatidan 350 ming AQSH dollariga teng sarmoyaga xarid qilingan texnologiya yordamida bir oyda 12 million pagonometr hajmda rezina suv quvuri ishlab chiqarilmoqda.

Shuningdek, “Merganteks” MCHJ tomonidan fermer xo‘jaliklari dalalariga o‘rnatilgan nasos agregatlari, hovuzlar uchun membrana qoplamalari, gidrant, filtr, qator oralariga tortilayotgan shlanglar, elektr ta’minotida transformatorlar holati o‘rganilib, zarur detallarni ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilgani mahalliy fermer va boshqa xo‘jaliklar uchun yana bir qulaylikdir.

–Mazkur agroklaster tomonidan 2023-yilda 1 ming 300 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish joriy etilgan, –deydi tuman irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Hamroqul Ravshanov. –Natijada suv sarf-xarajati kamayishiga erishilib, yerning unumdorligi oshmoqda. Innovatsion uslubda ayrim fermer xo‘jaliklari endilikda paxtadan 70 sentnergacha hosil olayotgani fikrimizning dalili.

Tumanning Mustaqillik mahallasida “ustoz–shogird” yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan  “Ekvatorial Chodak” MCHJ faoliyati ham poytaxt ishchi guruhi e’tiboridan chetda qolmadi. Hozir mazkur fabrikada mehnat qilayotgan xotin-qizlar soni 200 nafarga yetib qoldi.

Monomarkaz binosining bo‘sh yotgan sport zali binosi alohida jihozlanib, unga dastlabki bosqichda qiymati 300 million so‘mdan oshiq mablag‘ evaziga zamonaviy rusumdagi 88 ta tikuv mashinasi kiritilgan. Fabrikada yillik ishlab chiqarish quvvatini 35 milliard so‘mga yetkazish, shundan 1 million AQSH dollariga teng mahsulotni eksport qilish ko‘zda tutilgan. Hozir ishlab chiqilgan va istiqboliga katta ishonch bildirilayotgan mazkur loyiha tufayli mahalliy byudjetga yiliga qo‘shimcha 4,2 milliard so‘m daromad tushum qilinadi. Shu kunda esa sexda maxsus kiyimlar tikib tayyorlanmoqda.

Avvalo, mazkur korxonaga atrofdagi mahalla va qishloqlardan og‘ir sharoitda, daromadsiz qolgan ehtiyojmand oilalarning tikuvchilikka qo‘li kelishadigan, chevarlikka qiziquvchi xotin-qizlari saralab olingan. Mehnat jamoasiga kundalik issiq ovqat va uzoqdan qatnovchilar uchun transport xizmati joriy qilingani yana bir qulaylik.

Aholi uy-joy sharoitini yaxshilash, hududlarda zamonaviy shaharsozlik talablari asosida ko‘p qavatli uy-joylar, ijtimoiy soha va infratuzilma obyektlari hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishini jadallashtirish, yer resurslaridan oqilona foydalanish va aholi punktlarining urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilgan mazkur jarayon bugun yakuniga yetkazildi.

E’tiborlisi, markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulangan ushbu 240 ta xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli zamonaviy turar joy majmuasiga ko‘plab oilalar ko‘chib keldi. Shunisi ahamiyatliki, kelgusi 5-yil davomida bu yerdagi ko‘p qavatli uylar soni 70 taga, aholi xonadonlari esa 1400 taga yetkaziladi. O‘tgan davr mobaynida massivda 330 o‘ringa mo‘ljallangan maktab, shuningdek, 240 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, davlat-xususiy sherikchiligi asosida yana 120 o‘rinli zamonaviy bolalar bog‘chasi va 100 qatnov o‘rniga mo‘ljallangan oilaviy poliklinika binolari ham qurib bitkazilgani ayni kunda jamoatchilikning e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.

Xuddi shunday, ishchi guruh tomonidan tumanda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar ham tahlil qilindi. Bu borada so‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan kredit ajratish tizimining soddalashtirilishi natijasida olis tumanda ham tadbirkor bo‘laman deganlar safi kengaymoqda. Masalan, o‘tgan yil davomida jami 3522 nafar aholi va tadbirkorlik subyektiga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 85,9 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratilgan. Ushbu raqamni 2022-yilga nisbatan qiyoslaydigan bo‘lsak, oilaviy tadbirkorlik yo‘nalishida kredit olgan fuqarolar 1,2 marta ko‘payganini ko‘rishimiz mumkin.

Mahalla boshqaruv tizimini takomillashtirish va mahalla “yettiligi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan 2023-yil 21-dekabrda qabul qilingan tegishli farmon va qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tumandagi “Xo‘jalar” mahalla fuqarolar yig‘ini misolida o‘rganildi. Bu jarayonda shuningdek, dorixonalarda sanitariya-epidemiologiya talablariga qay darajada rioya qilinayotganligi, narx-navoning barqarorligini ta’minlash, aholi tomonidan asosan qanday dori-darmonlarga talab va ehtiyoj bo‘layotganiga ham e’tibor qaratildi.

Deputatlar, shuningdek, Qorako‘l tumani migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limining zamonaviy tipdagi yangi binosida bo‘lib, bu yerda aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham tanishdi.

–Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida aholi turmush tarzini yaxshilash, har jihatdan qulay shart-sharoitni yaratish, ularning hayotiy muammolarini hal etish maqsadi yotibdi, –deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nazir Sobirov binoda yaratilgan sharoitlarni ko‘rib. –Shu ma’noda so‘nggi yillarda respublikamizning janubiy sarhadlaridan biri Qorako‘lda ro‘y berayotgan yangilanishlar e’tiborga molik.

Xalq vakillari, shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tumanda amalga oshirilayotgan ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlari, jumladan “Yangi O‘zbekiston” massivi, katta yo‘l yoqalari hamda dala chetlariga mahalliy iqlim sharoitiga mos mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarining o‘tqazilishi bilan ham qiziqdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri