Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qorako‘lda uch avlod vakillari uchrashdi
16:01 / 2022-12-13

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari, mahalla faollari, xalq xo‘jaligi sohalarida mehnati singan nuroniylar hamda yoshlar jam bo‘ldi.

Dastlab ishtirokchilar Qorako‘l tumanida amalga oshirilayotgan ulkan qurilish va bunyodkorlik ishlari bilan tanishtirildi. Mehmonlarning dastlabki manzili tuman markazidagi “Xo‘jalar” mahallasida qad ko‘tarayotgan ko‘p qavatli uylar bo‘ldi. Quruvchilar tomonidan mehmonlarga tuman aholisini arzon va sifatli uy-joy bilan ta’minlash maqsadida barpo etilayotgan mazkur uylarning qurilish jarayonlari haqida batafsil axborot berildi. Shundan so‘ng, mehmonlar “Yangi O‘zbekiston” massivida joriy yilda qurib foydalanishga topshirilgan 330 o‘rinli maktab binosida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Uch avlod vakillarining keyingi manzili Qorako‘l tumani “Chekirchi” mahallasida saxovatpesha insonlar ko‘magida bunyod etilayotgan “Qobul ota” jome’ masjidi bo‘ldi. Yaqin vaqt ichida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan mazkur masjidning umumiy maydoni 1 gektarga yaqin bo‘lib, ikki qavatdan iborat bo‘ladi. Masjidning ichki sig‘imi 5 mingdan ortiq namozxonga mo‘ljallangan. Hovli bilan hisoblaganda 10 ming kishi bir vaqtning o‘zida ibodatni amalga oshirishi mumkin. Masjidning o‘rtasida 37 metr balandlikda gumbaz qilinib, binoning old qismida 41 metr balandlikdagi ikkita minora qad ko‘taradi. Shuningdek, bu yerda zamonaviy tahoratxona, imom xatib, noib, mutavalli, muazzin va boshqa xodimlar uchun barcha qulayliklarga ega ma’muriy bino ham bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Uchrashuv Qorako‘l tumani madaniyat markazi tomosha zalida Buxoro viloyati musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan shoir va dramaturg Hamza Hakimzoda Niyoziy asari asosida rejissyor Laziz Navro‘zov tomonidan sahnalashtirilgan “Tuhmatchilar jazosi” nomli spektakl tomosha bilan davom etdi. Shundan so‘ng, uch avlod vakillari uchun “Muhtasham” tantanalar saroyida bayram dasturxoni yozildi.

Tadbirda tuman hokimi Xurshid Tohirov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda xalqimizning turmush farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar va ularning ahamiyatiga to‘xtaldi. Keksalik gashtini surish barobarida el-yurt ravnaqi yo‘lida mehnat qilib kelayotgan nuroniylarga alohida minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan ko‘pni ko‘rgan nuroniylar xalqimiz hayoti va turmush tarzini butunlay o‘zgartirib yuborgan ko‘plab ezgu ishlar, kelajakni barpo etishda yoshlarning o‘rni qanday bo‘lishi kerakligi haqida o‘zlarining qimmatli maslahatlarini berishdi. Yoshlar ham yurtimizda ularga yaratib berilayotgan imkoniyatlar haqida gapirdi.

Tuman madaniyat bo‘limi tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat ulashdi.

Bunday uchrashuvlar yoshlarimizga keksa avlod vakillarining hayot va mehnat faoliyati davrida to‘plagan boy tajribasi, yoshlik yillarida kechirgan o‘ziga xos qiyinchiliklari bilan yaqindan tanishib, hayotiy xulosalar chiqarishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Zarif Komilov, O‘zA