Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” munosabati bilan “Salomatlik sayli” xayriya aksiyasi doirasida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Aksiya doirasidagi tibbiy ko‘rikda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali rahbari T.Musoyev boshchiligidagi 32 nafardan iborat yuqori malakali mutaxassislar va 50 nafar Qorako‘l tumani tibbiyot birlashmasi xodimlari aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi.


Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik Qorako‘l tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida amalga oshirildi. Unda 621 nafar asosan mahalla fuqarolar yig‘inining “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hisobida turadigan fuqarolari hamda kam ta’minlangan oila a’zolari va ijtimoiy muhofazaga mansub bemorlar qatnashdi.


–Tibbiy ko‘rik jarayonida 50 ta xirurgik, 10 ta qon-tomir xirurgiyasi, 7 ta mikroxirurgiya, 18 ta neyroxirurgiya, 48 ta travmatologiya, 49 ta bolalar xirurgiyasi, 41 ta otorinolaringologiya, 48 ta oftalmologiya, 82 ta terapiya, 87 ta kardiologiya, 8 ta toksikologiya, 92 ta pediatriya, 42 ta ginekologiya va 39 ta nevrologiya sohasiga mansub kasalliklar aniqlandi, – deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali rahbari T.Musoyev. – E’tibor talab qilinadigan 52 nafar fuqaro MSKT, 76 nafar fuqaro rentgent, 112 ta fuqaro esa UTT tekshiruvidan o‘tkazilib tibbiy xulosalar berildi. Kasallik aniqlangan 76 nafar bemorga viloyat davolash muassasalarida, 142 nafar bemorga tuman tibbiyot birlashmasida va 200 dan ortiq bemorlarga ambulator sharoitda davolanish tavsiya qilindi.

Soha mutaxassislari Qorako‘l tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ushbu markaz Qorako‘l, Jondor va Olot tumanlari aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Mutaxassislar tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazi gemodializ bo‘limida muolajalar qabul qilayotgan bemorlar konsilium qilinib, tibbiy tavsiyalar berildi.
Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik jarayonida 13 nafar bemorga mutaxassislar tomonidan yuqori texnologiyali kaminvaziv operatsiyalar bajarildi.
Tumanda bu kabi hamkorlikdagi tibbiy ko‘riklar va jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish tadbirlari davom etmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA