O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 iyuldagi “Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni og‘ishmay bajarish va joylarda ushbu qaror ijrosini ta’minlash davom etmoqda.
Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali mas’ullari Qorako‘l tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazida bo‘lib, muassasa faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bunda tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida olib borilayotgan sa’y-harakat, respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali bilan uzviy hamkorlik va o‘zaro aloqa olib borish, tuman mutaxassislarining tajriba orttirishiga ko‘maklashish, bemorlarga tibbiy yordam standartlariga muvofiq davolashni amalga oshirish borasidagi ishlar ko‘rib chiqildi. Markaz mutaxassislarining tajriba orttirishiga ko‘maklashish orqali ularga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish chora-tadbirlari belgilandi.
O‘rganish davomida viloyat va tuman mutaxassislari ishtirokida “mahorat darslari” tashkillashtirildi. Bo‘limda qon-tomir patologiyalari bilan davolanayotgan bemorlar ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, 1-shoshilinch xirurgiya bo‘limi mutaxassisi, oliy toifali qon-tomir xirurgi U. Hamdamov va boshqa mutaxassislar shu muassasada davolanayotgan bemor, 1978 yilda tug‘ilgan Kamina Egamberdiyevada yuqori texnologik qon-tomir operatsiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirdi.
–Bemor ayol bo‘limga chap oyog‘ida kuchli og‘riq, uyushish, sovuq qotish va yurishda qiynalishidan shikoyat qilib kelgan, –deydi xirurg U. Hamdamov. –Lokal ko‘rikda oyoqlarda shish aniqlanmaydi, ushlab ko‘rilganda, chap oyoq sovuq, harakat chegaralanmagan, boldir va tovon sohalarida sezgi pasaygan. Chap oyoqda son, taqim osti va boldir arteriyalarida pulsatsiya aniqlanmadi. O‘ng oyoqda barcha magistral arteriyalarda pulsatsiya aniqlanadi.
Bemorda Qorako‘l tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazi MSKT xonasida “Qorin aortasi bifurkatsiyasi va ikkala oyoq magistral arteriyalari kontrastli MSKT-angiografiyasi” tekshiruvi o‘tkazildi. Tekshiruv natijasiga ko‘ra, bemorga chap son, taqim osti va boldir arteriyalarida to‘liq okklyuziyasi (tromb) aniqlandi.
Unga “chap oyoq son, taqim osti va boldir arteriyalari trombozi, chap oyoqning V.S. Savelev usuli bo‘yicha II A darajali ishemiyasi” tashxisi qo‘yildi. Shundan so‘ng, spinal og‘riqsizlantirish bilan “chap oyoq son, taqim osti va boldir arteriyalarida trombektomiya” operatsiyasi bajarildi. Yuqor malakali mutaxassislar jalb qilingan jarrohlik amaliyotidan keyin chap oyoqda og‘riq va sovuq qotishlar yo‘qoldi. Magistral arteriyalarda barcha sathlarda pulsatsiya paydo bo‘ldi.
Ahamiyatli jihati, mazkur jarrohlik amaliyotisiz bemor oyog‘i nogironlikka olib borishi tayin edi. Bu operatsiya o‘z vaqtida o‘tkazildi. Bemorning oyog‘i amputatsiyadan saqlab qolindi va nogironligining oldi olindi. Bunda barcha jarayon tuman mutaxassislariga belgilangan tartibda tushuntirilgani holda shu kabi kasalliklarni davolashda muayyan tibbiy yondashuv va usul ishlab chiqildi.
Muhimi, Qorako‘l tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazida bu kabi yuqori texnologik qon-tomir operatsiyalari muntazam tashkillashtirib kelinmoqda va muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda. Mazkur amaliyotlar orqali tibbiyot tizimining birlamchi bo‘g‘inida bemorlar davolanish bosqichidan o‘tib, sog‘lom hayotga qaytmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri