Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida Ma’naviyat va ma’rifat maskani ochildi. Unda tuman faollari, keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar, ma’naviyat targ‘ibotchilari qatnashdi.
Tadbirda so‘z olgan Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Botir Shahriyorov, tuman hokimi Xurshid Tohirov, shuningdek, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrining ustoz san’atkori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Turg‘un Beknazarov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi Qo‘chqor Norqobil, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Shodmon Sulaymonov va boshqalar mamlakatimizda keyingi yillarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, soha faoliyatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga qaratilgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlar xususida to‘xtaldi.
Maskanda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, turli tanlovlar, ijodiy uchrashuvlar, kitob taqdimotlarini yuqori saviyada o‘tkazish imkoni mavjud. Sara kitoblar ilm muxlislari ixtiyorida. Xizmat xonalari zamonaviy jihozlar, kompyuterlar bilan ta’minlangan.
[gallery-16346]
–Qulay va zamonaviy sharoit, jahon va o‘zbek adabiyotining sara namunalari jamlangan kutubxona. Samarali faoliyat va ezgu tashabbuslar uchun o‘ziga xos muhit. Bugun foydalanishga topshirilgan ushbu ma’naviyat maskanida bularning barchasi jamuljam qilingani barchamizni behad quvontirmoqda, –deydi Ma’naviyat-ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari O‘tkir Boboqulov.
Tadbir doirasida mehmonlar qorako‘lliklarga xos mehr-oqibat, bag‘rikenglik, hamjihatlik, saxovatpeshalik fazilatlarini mujassam etgan sumalak saylida ham ishtirok etdi.
Madaniyat va ma’rifat bayramiga aylangan tadbirda, shuningdek, inson baxtga shunchaki erishib bo‘lmasligi, unga faqat mehnat, intilish, izlanish, sabr, iroda fidoyilik bilan erishilishi haqidagi “Baxt osmondan tushmaydi” spektaklining premerasi ham bo‘lib o‘tdi.
Taniqli dramaturg Qo‘chqor Norqobil asari asosida tayyorlangan mazkur spektakl iqtidorli rejissyor Doston Haqberdiyev tomonidan sahnalashtirilgan. Rollarni esa tuman madaniyat bo‘limi qoshidagi “Davr” xalq teatrining iste’dodli aktyorlari ijro etdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari