Bugun, 31 yanvar kuni soat 08:23 da Buxoro viloyati Qorako‘l tumani “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Sho‘robod ko‘chasida joylashgan ikki qavatli turar joy uylaridan birida gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgani haqida Favqulodda vaziyatlar tuman bo‘limiga xabar kelib tushdi.
Xabarga asosan zudlik bilan hodisa joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari, tibbiyot xodimlari, Ichki ishlar hamda boshqa tegishli xizmatlar jalb etildi. Hozirgi vaqtda hodisa oqibatlarini bartaraf etish, xavfsizlikni ta’minlash va atrof-muhitga yetgan zararni baholash ishlari olib borilmoqda.
Dastlabki o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, xonadonda gaz plitasidan foydalanish jarayonida gaz sizib chiqishi oqibatida gaz-havo aralashmasi chaqnashi sodir bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Hodisa sabablari va kelib chiqish omillarini aniqlash bo‘yicha tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan tekshiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Mazkur voqea oqibatida ikki nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan bo‘lib, ularga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda ularning ahvoli tibbiyot mutaxassislari nazoratida. Hodisa natijasida halok bo‘lganlar yo‘q.
Zarif Komilov, O‘zA