Samarqandda Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutining 90 yilligi munosabati bilan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda mazkur institut tomonidan tashkil etilgan konferensiyada yurtimiz olimlari bilan birgalikda Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Ukrainadagi qorako‘lchilik bo‘yicha mutaxassislar onlayn ishtirok etib, sohadagi yutuq va muammolar xususida o‘zaro fikr almashdi.

Respublika Qorako‘lchilik uyushmasi raisi E.Hayitovning ta’kidlashicha, bugungi kunda yurtimizda 6 milliondan ziyod qorako‘l qo‘ylari boqilmoqda. Ammo 17 million gektar qorako‘lchilikda foydalaniladigan maydonning 25 foizi inqirozga uchragan. Ushbu yaylovlarni tiklash, qorako‘l qo‘ylar uchun to‘yimli ozuqa o‘simliklari o‘stirish masalasiga institut olimlari tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yil institut tasarrufidagi 200 gektar urug‘chilik tajriba maydonida qariyb 4,5 tonna saksovul, cho‘g‘on, shuvoq singari cho‘l o‘simliklari urug‘i yetishtirildi. Bu 1000 gektar yaylovning holatini yaxshilash imkoniyatini beradi.

– Tarixi 1930 yil 26 oktyabrda ish boshlagan Kattaqo‘rg‘on tajriba stansiyasiga borib taqaladigan mazkur institut o‘tgan yillar davomida nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyoda qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi sohasida samarali ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, qorako‘lchilikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ilmiy markaz sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi, – deydi Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti direktori N.Boboqulov. – Tan olishimiz kerak, o‘rtada bir necha yillar ushbu tarmoq ham, mazkur institut ham biroz e’tibordan chetda qoldi. Faqatgina keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yurtimizda qorako‘lchilikni rivojlantirish, bu boradagi mavjud salohiyat va imkoniyatlardan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilgach, institut faoliyatinin kuchaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun amaliy harakatlar boshlandi. Bu o‘rinda davlatimiz rahbarining 2020 yil 2 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida Pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2020 yil 2 sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarorini alohida ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi.

Mazkur hujjatlar asosida qorako‘lchilikda seleksiya-naslchilik ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish, qorako‘lchilik klasterlari tashkil etishga kirishildi. Va bu ishlarda institutimiz olimlari, yosh tadqiqotchilarning hissasi katta bo‘lmoqda. Ayni paytda ular tomonidan Qorako‘l qo‘ylari genetikasi, seleksiyasi, urchitish, ko‘paytirish va naslchilik ishlarini kuchaytirish, mahsulot ishlab chiqarish, uni qayta ishlash, qorako‘l ko‘ylarini oziqlantirish va asrash borasida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, cho‘l yaylovlaridan samarali foydalanish va ularning holatini yaxshilash, cho‘l-yaylov chorvachiligining ekologik muammolarini o‘rganish, cho‘l ozuqabop o‘simliklarining introduksiyasi, seleksiyasi va urug‘chiligi yo‘nalishlarida ham izlanishlar olib borilmoqda.
Bu ishlar natijasida qorako‘l qo‘ylarining mahsuldor 32 ta zavod tipi va cho‘l ozuqabop o‘simliklarining serhosil mahalliy 16 ta navi yaratilgan. Institut olimlari tomonidan keyingi o‘ttiz yil davomida 71 ta patent olingan.

Konferensiyada yurtimizdagi 40 dan ortiq qorako‘lchilik klasterlari vakilari ham ishtirok etdi.
Shuningdek, anjuman doirasida naslli qorako‘l qo‘ylari va qorako‘lchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
G‘.HASANOV, O‘zA