English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qorako‘l xalqaro matematika maktabining o‘quvchilari endi zamonaviy binoda bilim olishadi
13:19 / 2021-09-04

Qorako‘ldagi Xalqaro matematika maktabining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

 Tadbirda viloyat va tuman hokimligi mutasaddilari, shahar va tumanlar xalq ta’limi bo‘limi rahbarlari, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik, faollar va yoshlar qatnashdi.

Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqdi.    

Ta’kidlanishicha, bugun yurtimizda ta’lim-tarbiya jarayonlariga davlatimiz rahbari boshchiligida juda katta e’tibor qaratilmoqda. Yosh avlodning zamonaviy bilim olishi uchun barcha shart-sharoit va qulayliklar yaratib berilmoqda. Bu bino jonajon yurtimiz istiqlolining 30 yilligi, qolaversa, katta hayajon bilan qarshi olinayotgan Bilimlar kuniga, buxoroliklarga ajoyib sovg‘a bo‘lganligi e’tirof etildi. Yangi binoda o‘quvchi-yoshlar munosib bilim olib, yuksak cho‘qqilarni zabt etishlariga, yurtimiz, jonajon Buxoromizning sha’ni va dovrug‘ini yanada yuksaklarga ko‘tarishlariga ishonch bildirildi.  

Qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarning o‘ziga xos sarhisobi sifatida nufuzli maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari barcha zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan yangi o‘quv majmuasiga ega bo‘lishdi. Investitsiya dasturi doirasida 45 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanib, zamonaviy ta’limning barcha muhim shart-sharoitlariga ega bo‘lgan majmua qurilishi “Sharq plyus” bunyodkorlari tomonidan amalga oshirildi.  

–Faoliyatiga 10 yildan oshiq vaqt o‘tgan bo‘lsada, shu paytga qadar shaxsiy o‘quv binomiz yo‘q edi, –deydi mazkur maktab direktori, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Temur Ro‘ziyev. –Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, bizga 720 o‘rinli yangi maktab qurib berildi. Bu yerda o‘qish uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo. Sinf xonalari jahon andozalariga mos jihozlangan. Yangi binoda 320 o‘rinli yotoqxonadan tashqari, kutubxona, muzey, faollari zali va 50 o‘rinli mehmonxona ham mavjud.

Qorako‘ldagi Xalqaro matematika maktabini bugungi kunda mamlakatimizdan tashqarida ham yaxshi bilishadi. Maktab uchun ayniqsa, 2019-2020 o‘quv yili juda muvafaqiyatli kechdi. Xalqaro matematika maktabini bitirgan 48 nafar o‘quvchining barchasi oliy ta’lim muassasalariga talabalikka tavsiya etildi. Maktab o‘quvchilari xalqaro olimpiadalarda 4 ta oltin, 7 ta kumush, 5 ta bronza medallarni qo‘lga kiritishdi. Nafosat Jo‘rabekova, Sevara Ostonova kabi iqtidorli o‘quvchilar Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi bo‘lishgan bo‘lsa, Doniyor Ismoilov, Anvarbek Rahmatov kabi iste’dodli yoshlar “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Joriy yilning 8-12 yanvar kunlari Qozog‘iston Respublikasining Olma-ota shahrida masofaviy tarzda matematika, fizika hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan 17-Xalqaro Jautikov olimpiadasi tashkil etildi. 21 davlatdan 146 ta jamoa tarkibida jami 1006 nafar ishtirokchi qatnashgan ushbu olimpiadada 14 nafar o‘zbekistonlik o‘quvchi munosib ishtirok etdi. 1 ta oltin, 2 ta kumush hamda 11 ta bronza medali qo‘lga kiritdi. Eng quvonarlisi shundaki, g‘olib va sorindorlardan 4 nafari aynan qorako‘llik o‘quvchilardir.  

12-17 mart kunlari o‘tkazilgan VI Xalqaro Kavkaz matematika olimpiadasi ham qorako‘llik o‘quvchilar uchun omadli keldi. Jumladan, Olimjon Olimov kumush medalga, Doniyor Ismoilov bronza medalga sazovor bo‘lishdi.  

14-24 iyul kunlari esa Rossiya Federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan Xalqaro olimpiadada Olimjon Olimov bronza medaliga, Doniyor Ismoilov imtiyozli diplomga ega chiqdi.  

Xalqaro matematika maktabida o‘quvchilar 3 ta – texnika (matematika-fizika), iqtisodiyot (matematika-ingliz tili) hamda tabiiy (kimyo-biologiya) fanlari bo‘yicha bilim oladi. Maktabga o‘quvchilar 7-sinfdan qabul qilinadi. Qabul jarayonlari adolat va shaffoflik tamoyillari asosida bo‘ladi. Talabgor o‘quvchi ikki marotaba imtihon topshiradi. Birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchi ikkinchi sinovga hozirlik ko‘radi. Har ikki jarayon ham o‘quvchilarning ota-onalari yoki yaqinlari ishtirokida o‘tadi va talabgorlar olgan baho shu kunning o‘zidayoq e’lon qilinadi. Bu esa, tabiiyki, qobiliyatli, zukko, bilimga chanqoq yoshlarni saralab olishga imkon beradi. Eng muhimi, qabul jarayonida ta’magirlik, qarindosh-urug‘chilik hamda ta’lim tizimiga salbiy ta’sir etuvchi boshqa omillarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Kelajakda shu yerning o‘zida oliy ta’lim muassasasini tashkil etish va zamonaviy klaster usulida kadrlar tayyorlash rejalashtirilmoqda.

 Zarif Komilov, O‘zA