French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qorako‘l va Jizzax: Turizm hamkorligida yangi bosqich
11:55 / 2025-09-30

Qirg‘iz Respublikasining Qorako‘l va O‘zbekistonning Jizzax shaharlari o‘rtasida ikki tomonlama turizm hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan muhim qadamlar tashlanmoqda.

Ushbu jarayon “Qorako‘l – biznes va hayot uchun qulay” xalqaro forumi doirasida boshlanib, ikki shahar hokimliklari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini mustahkamlash va hamkorlik memorandumini amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan info-tur orqali davom etmoqda.

Tomonlar asosiy e’tiborni sayyohlik sohasiga qaratishmoqda. Qo‘shma turistik yo‘nalishlarni yaratish va ikki shahar o‘rtasida sayyohlar almashuvini faollashtirish orqali mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladigan ushbu tashabbus turizm sohasida yangi imkoniyatlarni ochadi. Jizzax delegatsiyasi a’zolari Qorako‘l shahridagi chang‘i kompleksi va qishki turizm infratuzilmasi bilan yaqindan tanishib, mezbonlar bilan qo‘shma tur paketlarini ishlab chiqish va sayyohlik almashuvini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.

Shuningdek, hamkorlik faqat turizm bilan cheklanmay, investitsiyalar, eksport, oliy ta’lim va yashil iqtisodiyot kabi sohalarni ham qamrab oladi. Bu esa ikki shaharning iqtisodiy va madaniy aloqalarini mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi. Jizzax shahar hokimi o‘rinbosari Suyun Silliyevning forumdagi ishtirok etishi ham bu yo‘nalishdagi ishlarning jadal davom ettirilishini ko‘rsatadi.

Qorako‘l va Jizzax shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat sayyohlik oqimini oshirishga, balki mintaqalar o‘rtasida madaniy va ijtimoiy bog‘liqlikni mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Shu tariqa, ikki shaharning sayyohlik salohiyatini birlashtirish orqali yangi iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlar yaratish rejalashtirilmoqda.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat) O‘zA