Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qorako‘l tumanida metanol ishlab chiqarish zavodi quriladi
19:45 / 2023-05-25

Bugun "Tashkent sity"dagi Kongress-xollda mamlakatimizdagi MTO Gaz-kimyo kompleksi va Amerikaning “Air Products” kompaniyasi o‘rtasida gazni sanoat darajasida qayta ishlash to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Ahmedxo‘jayev va "Air Products and Chemicals" kompaniyasining Direktorlar kengashi raisi, prezidenti va bosh ijrochi  direktori Seyfi Gasemi ushbu samarali hamkorlik soha rivojiga xizmat qilishini qayd etdi.  

Ta’kidlash kerakki, “Air Products” kompaniyasi dunyodagi yetakchi sanoat gazi ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya o‘zining ko‘p yillik faoliyati davomida atmosfera va texnologik gazlarni ishlab chiqarish va turli tarmoqlar, jumladan, neftni qayta ishlash va neft kimyosi uchun tegishli asbob-uskunalar ishlab chiqaradi.

MTO Gaz-kimyo kompleksi kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Andrey Kovalyovning ma’lumot berishicha, ushbu loyiha soha bo‘yicha ishlab chiqarish texnologiyasi samaradorligini oshirish, xorij tajribasini o‘rganish va bandlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Bugun MTO gaz-kimyo kompleksi metanol ishlab chiqarish zavodini qurish maqsadida gazni sanoat darajasida qayta ishlash bo‘yicha “Air Products” kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi. Metanol zavodi yiliga 1,34 million tonna quvvatga ega bo‘ladi va O‘zbekistonda metanoldan olefin ishlab chiqarish bo‘yicha gaz-kimyo kompleksi tarkibiga kiradi. Loyiha doirasida “Air Products” kompaniya ishtirokida metonol zavodi quriladi. Asosiy maqsad metan gazidan metanol olish va polimer mahsulotlari ishlab chiqarishdan iborat. MTO texnologiyasiga asoslangan gaz-kimyo kompleksi Markaziy Osiyodagi eng yirik polimer mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona bo‘ladi. Bu yerda 3000 ta ish o‘rni yaratiladi va salmoqli qismini biz qayta o‘qitadigan O‘zbekiston fuqarolari egallaydi. Bizning zamonaviy korxonamizda faoliyat yuritadigan xodimlar nafaqat O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlari va ta’lim muassasalarida, balki jahon korxonalarida ham tajriba orttirishadi, – dedi A.Kovalyov.

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi erkin iqtisodiy zona hududida bunyod etilajak ushbu zavod 15 gektar maydonni egallaydi. Uni 2025 yilda ishga tushirish mo‘ljallangan bo‘lib, ekspluatatsiya muddati  25 yilni tashkil etadi.

Metanol zavodi metanol, vodorod va boshqa sanoat gazlari, xususan, kislorod va azot kabilarning barqaror yetkazib berilishini ta’minlab, ular MTO Gaz-kimyo kompleksining ishlab chiqarish jarayonlari uchun muhim ahamiyat kasb etadi.  

Shuningdek, tadbirda bir necha hujjatlar, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati, “Air Products” kompaniyasi va “O‘zbekneftgaz” AJ o‘rtasida shartnoma ham imzolandi.

– Bugun chet el sarmoyalarini kiritish to‘g‘risida qator hujjatlar imzolandi, – dedi “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi birinchi o‘rinbosari Bekzod Usmonov. – Bundan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda shu texnologiya salohiyatini ko‘tarish, ishlab chiqarishning ishonchliligini yuqori darajaga chiqarish va kadrlar malakasini oshirishdir.  Hammaga ma’lumki,  2021 yilda “Uzbekistan GTL”  zavodi ishga tushirildi. U gazdan  suyuq neft mahsulotlari  ishlab chiqaradi. Bu jarayonga bir necha bor murakkab texnologiyalar  jalb qilingan. Imzolangan shartnomada ushbu kompaniya tomonidan 1 milliard dollarlik investitsiya evaziga Qashqadaryo viloyatida barpo etilgan “Uzbekistan GTL”  zavodiga tabiiy gazni qayta ishlash qurilmasini sotib olish va ishlatish nazarda tutilgan. Qolaversa, AQSH kompaniyasining mamlakatimizga sarmoya kiritayotgani bu yurtimizdagi islohotlarning dunyo miqyosida qo‘llab-quvvatlanayotganidan ham dalolat beradi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri