Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qorako‘l soliq inspeksiyasi yangi binoda ish boshladi
10:10 / 2020-12-24

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida Davlat soliq qo‘mitasining 4 milliard so‘mdan ortiq hamda mahalliy byudjet hisobidan 200 million so‘m mablag‘ hisobiga soliq inspeksiyasi binosi qurib foydalanishga topshirildi.

Qorako‘l tumani davlat soliq inspeksiyasining ochilish marosimida viloyat prokurori, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i va tuman hokimi Sh.Salomov hamda tuman faollari va mehnat faxriylari qatnashdi.  

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu inshoot uzoq yillar tuman ahlining farovonligi va iqtisodiyoti rivoji uchun xizmat qilishini ta’kidladi. Inspeksiyaning yangi binosida soliqchilar va soliq to‘lovchilar uchun yaratilgan qulayliklar soliq tushumlarining yanada yaxshilanishi, soliq to‘lovchilar faolligi oshishida muhim omil bo‘lishi e’tirof etishdi.

Yangidan qad rostlagan davlat soliq idorasi binosiga tashrif buyuruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga sifatli xizmat ko‘rsatish, soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida va ixtiyoriy ravishda bajarishga ko‘maklashish hamda barcha masalalar bo‘yicha batafsil maslahatlar olishlari uchun to‘liq sharoitlar yaratilgan. Yangi tartib bilan soliq to‘lovchilarga to‘siqlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

E’tiborli jihati viloyatda davlat soliq xizmati organlari xodimlari uchun qulay ishchan sharoit yaratish, soliq to‘lovchilarga ortiqcha ovoragarchiliklarsiz xizmat ko‘rsatish maqsadida davlat soliq boshqarmasi va uning hududiy davlat soliq inspeksiyalari binolari kapital ta’mirdan chiqarilgan. Ularning moddiy-texnik bazasi tubdan yangilangan.  

Viloyat davlat soliq boshqarmasi hamda hududdagi Olot, Jondor, Romitan, Shofirkon va G‘ijduvon tumanlarida soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida binolarning tashqi va ichki ko‘rinishidan torib, soliq to‘lovchilar bilan ishlash uchun mo‘ljallangan xonalaridagi barcha shart-sharoitlari tubdan o‘zgartirilib, zamon talabiga moslangan.  

Amalga oshirilgan mazkur bunyodkorlik va qurilish-ta’mirlash ishlariga Davlat soliq qo‘mitasining 7 milliard so‘mdan ortiq hamda mahalliy byudjet hisobidan 530 million so‘mlik mablag‘ sarflangan.

 

Zarif Komilov,  O‘zA