Toshkentga viloyatlardan mol va qo‘y go‘shti kelmay qolsa bozorlarda ham, supermarketda ham go‘shtning narxi oshishi tayin. Ana mahsulotlarning barqaror ta’minlanishida viloyatlarda faoliyat yuritayotgan chorvachilik xo‘jaliklarining o‘rni beqiyos.
Ming afsuski, bu yilgi qurg‘oqchilik ko‘pchilikni qiynab qo‘ydi. Ko‘klamning dastlabki kunlari yoqqan yomg‘ir, undan keyingi yomg‘irlar yaylov uchun uvoq ham bo‘lmadi. Havo tandirdek qizdirgan, giyohlar qovjiragan, cho‘pon cho‘liqlarning mashaqqati oshgan. Ana shunday sharoitda cho‘ponlarga hormang, Alloh qiyinchiliklarni aritsin, sizga, oilangizga baraka bersin, degimiz keldi.
Respublika yaylov xo‘jaliklarini rivojlantirish uyushmasi raisi Erkin Hayitov bilan bog‘landik. G‘uzordagi naslchilik ishlari bilan tanishmoqchi ekanligimizni aytdik. Shu tariqa Qashqadaryoga yo‘l oldik.
Dastlab chorvador elning kayfiyatini bilish maqsadida katta yo‘l bo‘yida joylashgan Qamashi mol bozoriga kirdik. Chunki bozor farovonlik ko‘zgusi. Molbozorni oralab echki-uloq, qorako‘l qo‘y-qo‘zi, hisori qo‘chqor qanchaga baholanayotgani, xashakning bahosini bilib oldik. Biror ehtiyojni qondirishni ko‘zlab molini bozorga yetaklab chiqqan odam bilan gurunglashing, u sizga barchasini so‘zlab beradi.
Qamashi mol bozorida odam gavjum, sotuvchi dallollarning og‘zi tinmaydi, xaridor ham bozorda oz emas. Afsuski, qurg‘oqchilik cho‘ponlar, chorvadorlar daromadiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatgan. Bozorda semiz mol kam, shu bois qo‘y-qo‘zilar arzon.

– Bu yerga tong qorong‘isida keladigan odamlar ham, bozorni bir aylanib kelaylik, narx-navo qanday ekan, deb bolalarini ergashtirib bemalol yo‘lga chiqadigan, yoki kabobxo‘rlikni ko‘zlaydigan odamlar ham bor, – deydi Mang‘it karvon yo‘li dehqon, oziq-ovqat bozori MCHJ bosh hisobchisi Toshturdi Yo‘ldoshev. – Xullas, bozorning gavjumligi chorvadorlar himmati tufayli. Keyingi paytlarda naslli yilqilar, echkilar ham bozorimizga kirib keladigan bo‘ldi. Shunga qaramay narx-navo biroz past, cho‘ponlarni quvontiradigan darajada emas, chunki qirda, cho‘lda ozuqa kam. Biroq, qorako‘l qo‘y- qo‘zilar savdosi to‘xtagani yo‘q, Kimdir bir boshdan o‘n boshgacha yana kimdir yigirma boshga qadar jonivorlarni sotib olmoqda. Biz esa patta pulini to‘lovchilar uchun barcha sharoitlarni yaratib beryapmiz. Albatta naslli mol sotib olgan odam yutadi. Chunki zotdor mol ko‘p ozuqa talab qilgani bilan tez o‘sadi, ko‘payadi.
Keyingi yillarda qorako‘lchilik sohasida yangicha tamoyillar asosida ishlanayotgani o‘z samarasini bermoqda. Asta-sekinlik bilan boqimandalik barham topdi, davlat ko‘magiga tayanib qolgan shirkatlar o‘rnida klasterlar paydo bo‘ldi. Bu yangi tizim chorva boqishda kooperatsiyani qo‘llay boshladi. Ilmiy izlanishlar, olimlar bilan hamkorlik ham e’tibordan chetda qolmadi. Yaylov xo‘jaliklarini rivojlantirish uyushmasi tashabbusi bilan ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish, naslchilik ishlarini takomillashtirish, mutaxassislar malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tashabbuskor yigit Sherzod To‘rayevning “G‘uzor qorako‘l” klasteriga rahbar bo‘lib kelishi yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Ayni chog‘da bu xo‘jalik ixtiyorida 2 ming boshdan ortiq qorako‘l qo‘ylarini bo‘rdoqiga boqish majmuasi bor. Bir yilda ming tonna granula yem ishlab chiqaradigan sex ham faoliyat yuritmoqda. Klaster chorvador va aholiga yaylovlarni ijaraga berish orqali bir yilda 300 million so‘m daromad olishni rejalashtirgan. Ana shu ijara to‘lovi bu yil og‘ir kelgani sababli biroz kechikmoqda.
Sherzod To‘rayevning ta’kidlashicha, qurg‘oqchilik ortidan keladigan zararni bo‘rdoqiga qo‘y va qo‘chqorlar boqish orqali qoplash mumkin. Mutaxassislar o‘tayotgan har kundan samarali foydalangan holda dag‘al xashak jamg‘arishga ham jiddiy kirishgan, texnikalar bir zum bo‘lsin to‘xtagani yo‘q. Tik quduqlar qazilgani, ekinlarni sug‘orishda yangi texnologiyalarni qo‘llash ekinlar hosildorligini oshirdi.
– Biz bilan hamkorlikda ishlayotgan “Xolmurod ota”, “Haqberdi Jumanov” fermer xo‘jaliklari chorva bosh sonini ko‘paytirish, yaylovlardan samarali foydalanishda ham boshqalarga ibrat bo‘lmoqda. 202 mulkchilikning turli shakllaridagi sub’ektlar bilan shartnomada ishlayapmiz. Raqamlashtirishning xosiyati yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Kimdan qancha qarzimiz bor, kim bizdan qarzdor, xarajat daromadlar harakati barchasi smartfonimda aks etyapti. Bu qulaylik ishimizni yanada osonlashtiryapti. Kelajakda barchasi yanada osonlashadi, daromadimiz ham oshadi, men bunga qattiq ishonaman, – deydi Sherzod To‘rayev.
G‘uzor qorako‘lchilik ilmiy-naslchilik tajriba stansiyasi rahbari Abdulla Soatovich Berdiyev esni tanibdiki, shu sohada, u institutni bitirgandan buyon qorako‘lchilik jonkuyari, ustozlarning ishongan shogirdi. Hukumatimiz qaroriga ko‘ra tashkil etilgan va yetakchi ilmiy- amaliy markaz sanalgan bu dargohda naslchilik ishlariga katta e’tibor berilmoqda. 8100 gektarlik yaylovni boyitish, cho‘l-yaylov o‘simliklari urug‘chiligini tashkil etish maqsadida 100 gektarlik sug‘oriladigan maydonga asosiy e’tibor qaratilgan. Xo‘jalik hududida ikkita tik quduq qazildi va bu quduqlar uchun davlatdan 240 million so‘m subsidiya olindi.
– Taqdirini qorako‘lchilik bilan bog‘lagan fidoyi cho‘ponlar jamoamiz kuch-qudrati. Rayim Niyozmurodov, Muxtor Chorshanbiyev, Soat Qurbonovlarning har birida 850 boshdan ziyod qo‘y-qo‘zilar mavjud va ular bu chorvani ko‘paytirishga intilmoqda. Yana bir gap. Bundan ikki yil ilgari sun’iy urug‘lantirishni tashkil etish maqsadida Afg‘onistondan 6 bosh naslli qo‘chqorlarni keltirgan edik. Bugun ulardan paydo bo‘lgan qo‘chqorlar 126 boshdan oshdi. Mana shu bizning eng katta yutuqlarimizdan biri, – deydi Abdulla Berdiyev. – Bundan tashqari, stansiyamizning Samarqanddagi qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy tadqiqot instituti olimlari bilan hamkorligi ham yildan yilga mustahkamlanmoqda. Erkin Shaptakov, Abdulla Rabbimov, Dilmurod Shonazarovlar shu yerda bo‘lib qorako‘lchilik sohasidagi tadqiqotlarini shogirdlari bilan yangi bosqichga ko‘tarmoqda.
Qorako‘lchilik sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan Abdulla Berdiyevning aytishicha, respublika yaylov xo‘jaliklarini rivojlantirish uyushmasi tomonidan naslchilik ishlarini jonlantirish, ilmiy yangilik va ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga katta e’tibor berilmoqda. Shunga qaramay kelgusida qorako‘lchilar uchun o‘rmon hududlaridan imtiyozli asosda foydalanishga davlat tomonidan ruxsat berilsa yaxshi bo‘lardi. Ayniqsa bu qurg‘oqchilik hukm surgan yillarda juda zarur. Shuningdek, to‘lovini uzaytirilgan muddat bilan omixta yem olish, chet ellardan investorlarni ko‘proq jalb etish, zamonaviy asbob-uskunalarni imtiyozli shartlar bilan xarid qilish sohani yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
– Ba’zan bizni sohani pillachilik tarmog‘i va uning yutuqlari bilan solishtirishadi. Ana pilla eksport qilinyapti, nega qorako‘lchilik sohasida bunday katta o‘zgarishni, ijobiy sakrashni ko‘rmayapmiz, deyishadi. Yaxshi ot keyin chopadi, deb qo‘yaman hazilga olib, – deydi Abdulla Berdiyev. – Jiddiy so‘zlaganda esa bu ikki sohaning mamlakat iqtisodini ko‘tarishdagi o‘rni juda katta. Pilla Xitoydan kelgan, uni istalgan joyda barg bo‘ladigan hududda yetishtirsa, qayta ishlasa bo‘ladi. Bu o‘ziga xos xazina. Men mehr qo‘ygan qorako‘lchilik esa o‘zbekning faxri, tumori desak ham bo‘ladi. Ming yildirki, elimiz qorako‘l suruvlari ortidan yurib ro‘zg‘or tebratmoqda, oilasining barakasi ham shundan. Qorako‘lning qadrini Qoraqalpog‘istonning eng olis otaridagi cho‘pondan, tomdilik, g‘uzorlik chorvadordan so‘rang. Uning nazdida qorako‘ldan bo‘lak mo‘’jiza yo‘q dunyoda. Necha yuz minglab gektar yaylov va qir-adirlardagi otarlar, odamlarning tirikligi, yuzlab ovullar, qishloqlarning suyanchi ham mana shu soha. Shu bois bu sohani rivojlantirish juda muhim. Nasib etsa, bizning sohada ham yutuqlar ko‘payadi. Barchamiz g‘ayrat qilsak, uyushmamiz yo‘l xaritasiga asosan terini, junni qayta ishlash korxonalarini ko‘paytirsak, bo‘rdoqichilik ko‘lami yanada oshsa, qorako‘l tom ma’noda yanada serdaromad tarmoqqa aylanadi. Biz bugun ana shu ulug‘vor maqsadlar yo‘lida mehnat qilyapmiz.
Abdunabi Aliqulov,
Jurnalist
O‘zA