Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qorako‘l IT-klasteri bo‘yicha istiqbolli bitim imzolandi
09:21 / 2022-07-29

O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Hindistonga tashrifi doirasida Dehli shahrida O‘zbek-Hind biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida Qorako‘l IT-klasteri bo‘yicha istiqbolli bitim imzolandi.

2021 yilning 12 oktyabr kuni Shavkat Mirziyoyevning buxorolik saylovchilar bilan uchrashuvida Qorako‘l xalqaro matematika maktabi negizida IT klasteri barpo etilishi haqida ma’lum qilingan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida IT-klaster faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Hindistonning Acharya instituti o‘rtasida “Acharya International University of Uzbekistan” universitetini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, “Qorako‘l” IT-klasteri o‘z ichiga universitet, ilmiy-tadqiqot markazlari va laboratoriyalar, o‘quv-ilmiy laboratoriyalar, talabalar, o‘qituvchilar va chet ellik xodimlar uchun turar joy, sport-sog‘lomlashtirish majmuasini qamrab oladi. Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari fanlarini o‘qitishga yo‘naltirilgan IT-maktab, yoshlarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi inkubatsiya, masofaviy xizmatlar eksporti markazi tashkil etiladi. 

– Mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan IT-klaster hududida 100 o‘ringa mo‘ljallangan inkubatsiya markazi va 50 o‘ringa mo‘ljallangan BPO markazi qurish va jihozlash hamda 300 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxona, 300 o‘ringa mo‘ljallangan universitet binosi va sport kompleksi ta’mirlanadi, – deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Alijon Yaxshiyev.  – Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 200 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxona, 700 o‘ringa mo‘ljallangan universitet binosining qurilishi va jihozlanishi hamda 824 o‘ringa mo‘ljallangan IT-maktab binosining ta’mirlanishi va jihozlanishi ta’minlanadi.

Endilikda Qorako‘l tumanida raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan alohida oliygoh, IT-park va yoshlar shaharchasi barpo etiladi.

 

Zarif Komilov, O‘zA