Buxoro davlat universiteti Qorako‘l akademik litseyi o‘ziga xos o‘qitish metodi, ta’lim-tarbiya yo‘nalishidagi tajribasi, eng yuqori salohiyatli pedagog kadrlari hamda o‘quvchi yoshlarining ulkan natijalari bilan mashhur. Bu maskanda O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi, “El- yurt hurmati” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari sohibi To‘xtamurod Jumayev yaratgan “Qorako‘l maktabi” tajribasi asosida, ustozning yelkadosh bo‘lgan hamkasblari, shogirdlari tomonidan zamon talablari darajasida yoshlarga ta’lim-tarbiya berib kelinmoqda.
Yaqinda Qorako‘l akademik litseyi 2024-2025 o‘quv yilini muvaffaqiyatli yakunlab, navbatdagi bitiruvchilarini katta hayot sari kuzatdi. Akademik litseyning 201 nafar bitiruvchisidan 160 nafari imtiyozli diplomga ega bo‘ldi. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan besh barobar ko‘p deganidir. 41 nafari esa oddiy diplom oldi. Shu bilan birga, bitiruvchilarning 95 foizi milliy va xalqaro darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritib, oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lishdi. Bu esa litseyda ta’lim sifati yuqori darajada yo‘lga qo‘yilganining, ustoz-shogird an’analari tizimli davom etayotganining amaliy ifodasidir.

– Bugun yurtimizda ta’limga, ilm-fan rivojiga eng birinchi galdagi vazifa sifatida ustuvor ahamiyat qaratilmoqda, – deydi Qorako‘l akademik litseyi direktori G‘olib Jumaqulov. – Buning natijasida mamlakatimiz yoshlari o‘zining bilim va salohiyatini yuzaga chiqarib, ulkan yutuq va marralarni qo‘lga kiritmoqda. Xalqaro fan olimpiadalaridagi medallar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar uchun bir martalik pul mukofoti miqdori 5 karra oshirilgani, ularning o‘qituvchilari uchun ham pul mukofotlari yanada ko‘paytirilgani ilm-fanga qiziquvchi yoshlarimizni yangi marralar sari chorlamoqda.

Jumladan, akademik litseyimizning iqtidorli o‘quvchilari ham fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Shuningdek, bu yilgi bitiruvchilarimizning 44 nafari oltin, 16 nafari esa kumush medal bilan taqdirlangani, aksariyati muddatidan oldin talaba bo‘lgani quvonarli, albatta. Bu yutuqlar bitiruvchilarning mehnatsevarligi, tirishqoqligi, ota-onalarning doimiy qo‘llab-quvvatlashi, ustozlarning talabchanligi natijasidir. Ustozlarimizning fidoyiligi va A+A darajadagi sertifikatlarga ega bo‘lganligini ham alohida e’tirof etish lozim, – deydi Qorako‘l akademik litseyi direktori.
Darhaqiqat, Qorako‘l akademik litseyi nafaqat akademik ko‘rsatkichlar bo‘yicha, balki ma’naviy-ma’rifiy tarbiya, tanlov va olimpiadalardagi muvaffaqiyatlari bilan ham yildan-yilga o‘z nufuzini oshirib bormoqda. Litsey jamoasi bir tanu bir jon bo‘lib, o‘quvchi-yoshlarni yuksak salohiyatli qilib tarbiyalashga, fan cho‘qqilarini egallashlariga zamin yaratishmoqda.

Muhtarama Komilova, O‘zA