Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qorako‘l akademik litseyi 35 yoshda
13:08 / 2025-10-20

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida joylashgan Buxoro davlat universiteti qoshidagi Qorako‘l akademik litseyning 35 yillik yubileyiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Buxoro davlat universiteti tashabbusi bilan tashkil etildi. Tadbirda universitet vakillari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri nomidan yuborilgan tabriknomani ishtirokchilarga yetkazdi. 

Konferensiyada ta’kidlanganidek, so‘nggi o‘ttiz besh yil davomida Qorako‘l akademik litseyi mamlakatimiz ta’lim tizimida o‘zining o‘rni va nufuziga ega bo‘lgan ilg‘or ta’lim maskanlaridan biriga aylandi. Litsey jamoasi tomonidan yuksak saviyada olib borilgan uzluksiz mehnat, yangilikka intilish va sadoqat natijasida bugun bu dargoh yurtimiz faxriga aylangan ko‘plab yoshlarni voyaga yetkazdi.

Litsey faoliyatining yillar davomida erishgan yutuqlari tahsinga loyiq. Xususan, xalqaro va respublika miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalarida 1 ta oltin, 22 ta kumush va 37 ta bronza medallariga sazovor bo‘lgan. So‘nggi besh yillikda bitiruvchilarning 97 foizdan 100 foizgacha oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi qayd etilgan. 2024 yilda 96 nafar bitiruvchidan 44 nafari a’lo darajali diplom bilan tamomlagan bo‘lib, 7 nafari oltin va 7 nafari kumush medallar bilan taqdirlangan. 2025 yilda esa 160 nafar bitiruvchi a’lo darajali diplom, 44 nafari oltin va 16 nafari kumush medalga ega bo‘ldi.

Konferensiya davomida Qorako‘l akademik litseyi faoliyatining 35 yillik taraqqiyot yo‘li, yillar davomida erishilgan yutuqlar, faxrli bitiruvchilarning muvaffaqiyatlari hamda hozirgi avlod o‘quvchilarining ijodiy chiqishlari namoyish etildi.

Tadbir doirasida mehmonlar uchun litsey muzeyi, kutubxonasi, o‘quv xonalari va laboratoriyalariga sayohat tashkil etildi. Shuningdek, o‘qituvchilar bilan uchrashuvlar, sport musobaqalari hamda madaniy-ma’naviy tadbirlar o‘tkazildi.

Bugungi kunda litsey o‘qituvchilari ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlar, zamonaviy pedagogik metodlar va ilg‘or xalqaro tajribalarni tatbiq etish orqali yoshlarning tafakkuri va salohiyatini yanada rivojlantirmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA