Qorako‘lchilik shirkatlarida ish qizg‘in
Navoiy viloyati qorako‘lchilik shirkat xo‘jaliklari chorvadorlari joriy yilgi qo‘zilatish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rdi. Ayni kunlarda xo‘jaliklarda parvarishlanayotgan 351 ming boshdan ortiq sovliqdan sog‘lom nasl olinayotir.
Navoiy viloyati qorako‘lchilik shirkat xo‘jaliklari chorvadorlari joriy yilgi qo‘zilatish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rdi. Ayni kunlarda xo‘jaliklarda parvarishlanayotgan 351 ming boshdan ortiq sovliqdan sog‘lom nasl olinayotir.– Bu yilgi qo‘zilarning barchasini o‘stirishga qoldirish rejalashtirilgan, – deydi “Navoiyqorako‘l” birlashmasi bosh mutaxassisi To‘lqin Tojimurodov. – Hozirgacha qo‘ylarning 111 mingdan ziyodi qo‘ziladi.
Qo‘zilatish mavsumida shirkat xo‘jaliklariga maxsus zooveterinarlar biriktirilib, otarlarda doimiy nazorat o‘rnatildi. Cho‘ponlarga mavsumiy kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilayotir. Bu ishlar qo‘y-qo‘zilarda uchraydigan turli kasalliklarning oldini olish, cho‘pon-cho‘liqlarga qulaylik yaratish, mavsumni muvaffaqiyatli o‘tkazish imkonini bermoqda. Tomdi, Konimex tumanlaridagi “Kerizbuloq”, “Saribel” shirkat xo‘jaliklarida qo‘zilatish qariyb 60 foizga bajarilgani shundan dalolat.
Viloyatning Qizilqum kengliklarida asosan sur, qora va ko‘k rangli qorako‘l nasllari parvarishlanayotir. Nurota tumani shirkat xo‘jaliklari esa zarmalla tipdagi qorako‘l qo‘zilari yetishtirishda katta tajriba to‘plagan.
– Qishdan sog‘lom chiqqan 6 ming bosh sovliqdan hozirga qadar 4 ming 800 bosh sog‘lom qo‘zi oldik, – deydi “Konimex” qorako‘lchilik shirkat xo‘jaligi raisi Fazliddin Ahmedov. – Bunda xo‘jaligimizdagi 26 otar tajribali cho‘ponlarining munosib hissasi bor. Qo‘zilarning barchasi o‘stirishga qoldirilmoqda.
Qorako‘lchilik shirkat xo‘jaliklarida jun yetishtirish ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Konimex tumani hamda Zarafshon shahridagi junni qayta ishlash korxonalarida xomashyoning asosiy qismi qayta ishlanib, yarim tayyor va tayyor mahsulot holida xaridorlarga yetkazib berilmoqda. Misol uchun, Konimexdagi “Qizilqum wool tex” O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasida jun-kalava tayyorlanib, turli yopinchiq va to‘shamalar ishlab chiqariladi. Zarafshon shahridagi “Velan” O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasida esa jundan jun paypoq, maxsus belbog‘ va boshqalar tayyorlanayotir.