Ichki ishlar vazirining farmoyishiga asosan Toshkent viloyatida “Qoradori – 2025” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirning birinchi bosqichi amalga oshirildi. Asosiy maqsad hududlarda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga, ularni saqlash, iste’mol qilish, yetishtirish hamda realizatsiya qilish holatlarini aniqlash va oldini olishdir.
Tadbir doirasida ichki ishlar organlarining barcha sohaviy xizmatlari jalb etilgan holda tizimli ishlar amalga oshirildi va hamkorlikdagi harakatlar natijasida qator jinoyatlar fosh etildi. Jumladan, tadbirning birinchi bosqichi davomida 54 kilogramm 190 gramm giyohvandlik moddalari hamda 19 ming 369 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari muomaladan olindi.

Shuningdek, 7 ming 655 tup giyohvandlik o‘simliklari aniqlanib, belgilangan tartibda yo‘q qilindi. Kuzatuvlarga ko‘ra, fosh qilingan jinoyatlarning 89 tasi giyohvand moddalarni o‘tkazish, 137 tasi saqlash, 147 tasi yetishtirish, 10 tasi kontrabanda bo‘lsa, 26 tasi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlarni tashkil etdi.

Huquqni muhofaza qiluvchi xodimlar tomonidan bu kabi tadbirlar hududlarda davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA.