Respublikamizda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash, iste’mol qilish, yetishtirish hamda realizatsiya qilish holatlarini aniqlash va oldini olishga qaratilgan “Qoradori – 2025” keng ko‘lamli tezkor-profilaktik tadbirlari izchil davom etmoqda.
Jumladan, Angren shahar ichki ishlar boshqarmasi va DXX hududiy bo‘linmasi xodimlari hamkorligida navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi. O‘tkazilgan tadbir davomida Andijon viloyatida yashovchi, 40 yoshli fuqaro S.T. o‘ziga tegishli avtomashinada 597 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini poytaxtga olib ketayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi.
Tezkor tadbir davomida, bu shaxsni shu turdagi dori vositalari bilan ta’minlab kelgan, 1993 yili tug‘ilgan fuqaro O.N. ham 900 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 2 ming 500 dollarga nazorat ostidagi xaridorga sotayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ta’kidlash joiz, “Qoradori – 2025” tadbirlari doirasida o‘tgan 30 kun mobaynida Toshkent viloyati IIBB va uning quyi tizimlari tomonidan 217 ta jinoyat holati aniqlanib, noqonuniy muomaladan jami 17 kilogramm turli nomdagi giyohvandlik va sintetik moddalar, shuningdek, 11 ming 242 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olib qo‘yildi. Tadbirlar davomida 765 tup giyohvandlik o‘simliklari aniqlanib, belgilangan tartibda yo‘q qilindi.
Hududlarda tezkor va profilaktik chora-tadbirlar izchil davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA