Ichki ishlar organlari xodimlari tarkibida giyohvandlik vositasi bo‘lgan ekinlarni yetishtirib kelayotgan shaxslarning qilmishlarini «Qoradori-2022» tadbirida fosh etishda davom etmoqda.
Urganch shahrida ichki ishlar organi xodimlari «Qoradori-2022» tezkor-profilaktik tadbiri doirasida olib borgan chora-tadbirlari natijasida tarkibida giyohvandlik vositalari bo‘lgan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekib, yetishtirib kelayotgan shaxsning jinoiy qilmishini fosh etildi.
Jumladan, Urganch shahrida yashovchi, 1967 yilda tug‘ilgan D.H.ning yashash uyi va tomorqasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, xonadon egasi uyining tomorqa qismida 2 tup «kannabis» o‘simligini ekib, yetishtirib kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Sud-kimyoviy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, ushbu o‘simliklar tarkibida giyohvandlik vositasi borligi tasdiqlandi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, «kannabis» esa ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi.
Buxoro viloyatida o‘tkazilgan tezkor profilaktik tadbir davomida Buxoro tumanining «Bog‘dasht» mahallasi «Raz’ezd» qishlog‘i hududida Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi profilaktika inspektorlari tomonidan T.R. ismli shaxsga tegishli bo‘lgan «Spark» rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganida, «gashish» giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.
IIB Ekspert kriminalistika bo‘limining sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, sof vazni 0,90 gramm bo‘lgan giyohvandlik moddasi tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tadbirlar davom etmoqda.
Sh.Ne’matov, O‘zA