Samarqand shahri va yangi qurilayotgan Shirin massivini o‘zaro bog‘lash maqsadida Qoradaryo ustida umumiy uzunligi 330 metr bo‘lgan ko‘prik qurilishi davom etmoqda.
Viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi hamda “Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi tomonidan tashkil etilgan press-turda ommaviy axborot vositalari vakillari mazkur ob’ektdagi qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Loyiha qiymati 260 milliard so‘m bo‘lgan ko‘prik “1-Ko‘prikqurilish otryadi” unitar korxonasi bosh pudratchiligida bunyod etilmoqda. Qurilish ishlari 2022 yilda boshlangan va 2026 yilda yakunlanishi ko‘zda tutilgan. Ko‘prik Qoradaryo hamda M-39 avtomobil yo‘li ustidan o‘tib Samarqand xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘lga qo‘shiladi. Shuningdek, ko‘prikka M-39 yo‘lidan kirib keluvchi va ushbu magistralga qo‘shiluvchi yo‘llar ham bo‘ladi.
– Shu paytgacha ko‘prik uchun 35 metr chuqurlikda 298 ta beton ustun o‘rnatildi, – deydi qurilish ishlarini olib boruvchi “1-Ko‘prikqurilish otryadi” unitar korxonasi uchastka boshlig‘i Yusuf Mamarahimov. – Daryoning o‘ng qirg‘og‘ida tuproq tashish, burg‘ulash va beton quyish ishlari davom etmoqda. Ob’ektda hozir 120 nafar quruvchi-muhandis va ishchi mehnat qilmoqda.

Shirin massivi Qoradaryo bo‘yida 10 kilometr uzunlikda, 665 gektar maydonda barpo etiladigan zamonaviy shaharchadir. Bu yerda 180 ming aholiga mo‘ljallangan 12-52 qavatli turarjoylar, 12 ta umumta’lim maktabi, 30 ta maktabgacha ta’lim ta’lim tashkiloti, tibbiyot muassasalari va to‘rtta xususiy klinika, ikkita oliy o‘quv yurti, ikkita IT park bunyod etiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 6 iyun kuni Samarqandga tashrifi doirasida “Shirin” massivining master rejasi taqdimoti bilan tanishgan va zarur topshiriqlarni bergan edi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri