Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutida “Qorabayir: Turonning sivilizatsion kodi va dunyo merosi” xalqaro loyihasining ilk taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
San’atshunoslik va raqamli diplomatiya chorrahasidagi ilmiy loyihada Qorabayir otlarini shunchaki zot emas, balki xalqimizning “genetik va madaniy kodi” sifatida tadqiq etish nazarda tutilgani bilan ahamiyatli.

Taqdimot marosimida aytib o‘tilganidek, loyiha otlarning shajarasini raqamli himoya qilishning zamonaviy tizimini, asriy an’analarni zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan uyg‘unlashtirish singari 3 ta yo‘nalishni qamrab olgan.
Mazkur tadbir Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi (Boku shahri), YUNESKO, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Madaniyat vazirligi, mamlakat polo hamda yilqichilik va ot sporti federatsiyalari, Chorvachilik va yaylovlarni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, yurtimizni Turon otlarini o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha intellektual va madaniy merosiga aylantirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.
Tadbirda Qorabayir otlari xalqimizning g‘ururi va milliy brendi ekani ta’kidlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA