Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qorabayir otlari chopqir, kuchli va chiroyli
17:40 / 2020-11-10

Qadim-qadimdan xalqimiz otni o‘zgacha qadrlab, undan ulov sifatida, dala yumushlarida keng foydalanib kelgan, ot vositasida ko‘pkari, poyga kabi turli milliy o‘yinlarni tashkil etgan. Eng sara, baquvvat, epchil va ziyrak otlar ana shunday musobaqalarda saralanib, dovrug‘i gir atrofga yoyilgan.

Xalq seleksiyasi mahsuli bo‘lgan ana shunday ot zotlaridan biri qorabayirdir. Ushbu zot o‘zgaruvchan tabiiy-iqlim sharoitiga moslashuvchanligi, chopqirligi, kuchliligi bilan ajralib turadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qorabayir o‘zining qator biologik xususiyatlari bilan boshqa zotlardan ustunlikka ega. Ya’ni tog‘ sharoitiga yaxshi moslashadi, issiq va sovuqqa bardoshli. Poygada, ayniqsa, uzoq masofaga chopish, to‘siqlardan sakrab o‘tishda boshqa zotlardan aslo qolishmaydi. Milliy ot sporti musobaqalarida esa unga tenglashadigani topilmaydi. Qolaversa, mazkur ot o‘ta xushbichim, tana tuzilishi qotma, to‘shi keng, bo‘yni qisqa bo‘lsa-da, ancha yo‘g‘on, qarchig‘ayi uncha baland emas, oyoqlari nisbatan uzun bo‘lib, yurganida, chopganida yanada ko‘rkamlik kasb etadi. Rangi, asosan, to‘riq, jiyron, ko‘k, malla, qora, chavkar, shuningdek, saman tusda bo‘ladi.

E’tiborli tomoni, bugun xalqimizning faxri bo‘lgan ana shu tarixiy otlarning dovrug‘ini tiklash, ayniqsa, zotdor qorabayir otlarini ko‘paytirish, shu asosda mamlakatimizda yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida faoliyat yuritayotgan “Yakkabog‘ qorabayiri” mas’uliyati cheklangan jamiyatining faoliyati ham qorabayir zotli otlarni ko‘paytirishga ixtisoslashgan. Ayni paytda jamiyat tasarrufidagi xo‘jalikda 300 dan ortiq qorabayir otlari parvarishlanmoqda.

– Otlarni yoshi, imkoniyatlariga qarab bir necha guruhlarga bo‘lganmiz, – deydi jamiyat raisi Mahmatqul Qudratov. – Masalan, ko‘paytirishga mo‘ljallangan 200 ta yilqilarimiz yilning aksariyat vaqti tog‘da, yaylovda bo‘ladi. Bir yoshgacha bo‘lgan yuzga yaqin toyni alohida parvarishlayapmiz. Otchilik majmuamizda esa asosan uloqchi otlar boqilmoqda. Ularga qaraydigan ishchilarimiz ham aslida chavandoz yigitlar. Har bir polvonimiz o‘ziga biriktirilgan otni o‘zi parvarishlab, ko‘pkariga ham o‘zi minadi.

Mahmatqul Qudratovning ta’kidlashicha, jamiyat tasarrufidagi xo‘jalikda ko‘paytirilgan qorabayir zotli otlar shartnoma asosida aholi, otchilik xo‘jaliklariga yetkazib berilmoqda.

 

O‘.BAROTOV, J.NORQOBILOV (surat), O‘zA