Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Qora ro‘yxat» tufayli xalqimizning boshiga tushgan qora kunlar...
10:40 / 2022-03-29

"...O‘shanda oppoq ochilib turgan paxtalarga qor yoqqan edi. Issiqqina uyida o‘tirgan odam bu hodisani tasavvur qilsa, mo‘’jizaning o‘zi! Ammo paxta poyasidan bo‘yi ko‘rinib-ko‘rinmaydigan bolakaylar uchun sovuq havoda o‘sha paxtani terishchi? Bu esa fojianing o‘zginasi edi.

Biroq, brigadir, o‘qituvchi va yana allakimlar dala boshida savlat to‘kib, do‘q-po‘pisa ham qilar ediki, muzdekkina paxtani terishga majbur edik. Sovqotgan qo‘llarimizni cho‘ntakka tiqib isitishga harakat qilar, ammo gap eshitishdan qo‘rqib, yana «oppoq muz»ga qo‘l cho‘zar edik. 

Bu paxta dalasida sodir bo‘lgan voqealarning bittasi, xolos. O‘shanda bor-yo‘g‘i 5-sinf o‘quvchisi edim. 

Keyingi yil maktabga chiqqanimizdan bir hafta o‘tib, paxta dalalariga yo‘l oldik. Shu orada negadir ko‘zim og‘rib qoldi. Oq narsaga umuman qaray olmasdim. Ammo har kuni kelib meni «yaxshi bo‘lib qoldimi», deb surishtirishar edi. Hali tuzalmaganimga ishonmay, o‘qituvchim ko‘zlarimni o‘zi tekshirib ham ko‘rgandi. Azbaroyi paxta terish hayot-mamot ishiyu, bir qizchaning unda ishtirok etmasligi jinoyatdek edi...

Achinarlisi, butun hayoti shu oq paxta bilan bog‘liq xalqimiz o‘sha davrda shuncha mehnat qilib ham «kosasi oqarmagan», ro‘shnolik ko‘rmagan edi. 

Ayniqsa, Sirdaryo viloyati bir paytlar «paxta oroli» edi. Viloyatdagi «Oq oltin» tumaniga talabayu o‘quvchilar paxta tergani go‘yoki daryodek oqib borardi. 

– 80 yillardagi paxta bilan bog‘liq holatni yaxshi eslayman, – deydi sirdaryolik Dilfuza O‘ralova. – Kuz kelishi bilan hamma paxtaga otlanar edi. Yangi yil arafasida arang o‘qishga qaytardik. O‘quvchiligim, talabaligim shu tarzda o‘tdi. Paxta boyligimiz ekani ongimizga shunchalik singdirilgan ediki, o‘sha vaqtda chekkan zahmatlarimiz og‘irligini o‘ylab ham ko‘rmaganmiz. Biroq, o‘zim o‘qituvchi sifatida o‘quvchilarni paxtaga olib chiqa boshlagach, murg‘ak bolakaylarga rahmim keladigan, ularning shu arzimas mehnatiga katta bir davlat shunchalik muhtojmi, degan o‘ylar kecha boshladi dilimdan. O‘zbekistonimiz mustaqillikka erishgach, mana shunday fikrlar matbuotda baralla yangray boshladi. Shu tariqa o‘quvchilarni, talabalarni paxta terimiga olib chiqish kamaya boshladi. Ammo qishloqlarda bolalarning mehnatidan foydalanishga chek qo‘yish birmuncha qiyin kechdi. 

Mana shunday omillar sabab o‘zbek paxtasini olishdan voz kechganlar bor edi. Ya’ni 2009 yilda o‘zbek paxtasiga “Cotton Campaign” koalitsiyasi e’lon qilgan boykotga dunyoning eng yirik 60 dan ortiq kompaniyalari qo‘shilgan. Keyinchalik o‘zbek paxtasini boykot qilgan xalqaro brend hamda riteylerlar soni 331 taga yetgan. Bu paxta-to‘qimachilik sanoatimiz va uning eksportiga salbiy ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. 

Joriy yil 10 martda “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan o‘zbek paxtasiga nisbatan boykot bekor qilingani rasman e’lon qilindi. 

Bu kun tom ma’noda mamlakatimiz tarixi, xalqimiz hayotida o‘chmas iz qoldirgan tarixiy kunlardan biri bo‘lib qoldi. 

Bu xushxabar yurtimizdagi har bir xonadonda katta xursandchilik bilan kutib olindi. Zero, paxta yetishtirishdan tortib to uni terib olishgacha bo‘lgan murakkab jarayonga, og‘ir mehnatga daxldor bo‘lmagan oilalar bu zaminda juda kam. 

Axir nafaqat o‘quvchiyu talaba, balki o‘qituvchi, tibbiyot xodimlari va boshqa ko‘plab sohalar vakillari qishloq xo‘jaligiga yordam sifatida dalalarda goh g‘o‘zani yagonalash, chopiq qilish va nihoyat paxtani terib olishda muntazam ishtirok etib kelgani hech kimga sir emas. Yaqin-yaqinlargacha dala ishlariga chiqmaganlardan «yordam puli» yig‘ib olinganichi? 

Mana shunday mantiqsiz ishlarga asta-sekin barham berilgani davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilgan amaliy ishlarning yaqqol namunasidir. 

Quvonarlisi, aynan ushbu jarayon bilan bog‘liq muammolar ochiq-oydin tan olinib, unga qarshi kurashilgani. Ya’ni odam savdosi, majburiy mehnat O‘zbekistonda borligi avval tan olinib, keyin unga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus tuzilmalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi va nihoyat, maqsadga erishilgani! (Ilgari bor muammoni yo‘q deb xaspo‘shlab kelganimiz qanchalik achinarli hol bo‘lgan). 

Davlatimiz rahbarining «Necha yillardan beri manfaat qilmadik. Paxtamizning rangi oq edi, lekin «qora» bo‘lib yurdi. Biz buning uchun qancha qiynaldik. Agar siyosiy iroda bo‘lmaganida shu narsalar bo‘larmidi?» degan fikrlari esa ayni haqiqatdir». 

Suhbatdoshimiz Dilfuza O‘ralova bugungi kunda Boyovut tumani hokimi sifatida o‘zbek paxtasiga boykotning e’lon qilinganini katta quvonch bilan qarshi olganini e’tirof etdi. 

– Tumanimiz qishloq xo‘jaligiga, asosan paxtachilikka ixtisoslashgan, – deydi hokim opa. – Bu sohaning mehnati og‘ir. Odamlar mana shu og‘ir yumushni bajardimi, uning rohatini ham ko‘rishi kerak. Mehnat qilib yetishtirsangu, mahsulotning bozordagi qiymati past bo‘lsa yoki uni eng arzon bozorlarga sotsang, bundan alamli ish yo‘q. Biroq, necha yillardan beri bizda shu ahvol edi. Bunday sharoitda mehnatga rag‘bat, kelajakka umid bo‘lmaydi, axir. Yana ham xalqimiz bardoshli va mehnatkash. Boshiga tushgan shuncha ko‘rgiliklarga chidab keldi. Boykot bekor bo‘lib, dehqon mahsulotini o‘zi xohlagandek pullasa, buning rohatini ko‘rsa, bundan ortiq baxt bormi? 

D.O‘ralovaning aytishicha, Boyovutda 10 ming 500 gektar yerga paxta ekiladi. Boykot bekor bo‘lishi ortidan joriy yilda yetishtiriladigan paxtaning bir qismini 60 dan ortiq davlatga eksport qilish imkoni tug‘ilgan. Bu yil boyovutlik dehqonlar 25 milliard so‘m foyda ko‘rishlari taxmin qilinmoqda. 

Tumanda klasterlar tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ular tomonidan fermerlarga nafaqat texnik, balki mahsulotni qayta ishlash yo‘nalishida ham amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Shu kunlarda Boyovut tumanida 800 ish o‘rniga ega bo‘lgan paxtani qayta ishlash fabrikasi qurib bitkazilgan. Aprel oyida fabrikaning ochilish marosimi bo‘lishi kutilmoqda. 

Mazkur fabrikada dastlabki bosqichda ip-kalava tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Keyingi bosqichlarda esa unga ishlov berish, gazlama ishlab chiqarishdan tortib tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Qisqasi, 2025 yilda bu fabrikadan sifatli, tabiiy toladan tayyorlangan gazlamalardan tikilgan tayyor kiyim-kechaklar ishlab chiqilib, xalqimizni bahramand etadi hamda dunyo bozoriga yo‘l oladi. 

Tahlilchilar o‘zbek paxtasidan boykotning olib tashlanishi birinchi navbatda tekstil sanoatida dunyodagi yetakchi korxonalarning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishiga imkon yaratishini bashorat qilayotgan bir paytda boyovutliklar tayyor tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish arafasida. 

Albatta, bu jarayonlar sog‘lom raqobat muhitini yuzaga keltiradi. Xalqimizda esa tanlash imkoniyati kengayadi. Ya’ni biz kim yaxshi ishlab chiqarsa, shuni xarid qila boshlaymiz. Importga, ya’ni turkcha yoki xitoycha kiyim-kechaklarga tobeligimiz asta-sekin barham topsa ajab emas. Axir milliy mahsulot nafaqat milliy g‘urur, balki milliy iqtisod yuksalishi ham demakdir. 

To‘g‘risini aytganda, hal gal baland-baland inshootlarni ko‘rganimda, doim ularning o‘rnida zavod va fabrikalar bo‘lishini orzu qilaman. Axir ishlayman, yarataman deb turgan, kuchga to‘lgan yoshlarimiz juda ko‘p. Boyovutdagi kabi barcha tumanlarda fabrikalar bunyod etilsa, minglab yoshlarimiz ish bilan ta’minlanadi. 

Shu o‘rinda yaqinda nihoyasiga yetgan birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumini yodga olib o‘tsak. Mazkur yirik anjumanda Davlatimiz rahbari O‘zbekiston paxtasi va to‘qimachilik mahsulotlariga nisbatan ilgari o‘rnatilgan boykot bekor qilinganini faxr bilan tilga oldi. 

Bu faxr tuyg‘usi bejiz emas. Axir bu ko‘p yillar davomida mamlakatimizning turli «qora ro‘yxat»larga kiritilgani iqtisodiyotimizga salbiy ta’sir qilib kelayotgan edi. Bunga barham berilgani yurtmizga ezgulik eshiklari ochilganidan darakdir. 

Zotan, bu zaminda duoga qo‘l ochganida nafaqat o‘ziga, balki butun yurtga tinchlik, to‘kin-sochinlik so‘raydigan bag‘rikeng xalq yashaydi. Duolar nihoyat ijobat bo‘lgani, elga ezgulik kelgani muborak bo‘lsin!

 

Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA