Xatirchi va Navbahor tuman IIB TQX JQB xodimlari tomonidan “Qora dori – 2025” tezkor profilaktik tadbiri doirasida hududlarda nazorat tadbirlari tashkil etildi.
Jarayonda Xatirchi tumanining Dehqonobod mahallasida istiqomat qiluvchi 50 yoshli otaxon mo‘may daromad ilinjida zahri qotil yetishtirayotgani aniqlandi.
Olib borilgan tezkor tadbir davomida otaxon o‘zi istiqomat qilayotgan uyning tomorqasida 168 tup nam holatdagi og‘irligi 23 kg 300 gramm bo‘lgan yashil rangli, o‘tkir hidli, marixuanna giyohvandlik moddasiga o‘xshash o‘simliklarni ekib, parvarish qilib kelayotganligi o‘z tasdig‘ini topdi.
Bundan tashqari, xonadon ichkarisidan alohida qopda 45 gramm va 215 gramm quritilgan holdagi xuddi shu o‘simlik hosilalari mavjudligi aniqlandi.
Navbahor tumanining Chorvoqguzar mahallasida istiqomat qiluvchi 1976 yilda tug‘ilgan ayol esa o‘ziga tegishli bo‘lgan xonadon hovlisida 19 tup kannabis giyohvandlik moddasiga o‘xshash o‘simlikni parvarishlab kelayotgani aniqlandi.
Har ikkala holatda ham ashyoviy dalillar xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olindi. Ayni paytda gumonlanuvchilarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri