U paytlar maktabga borgan yoki bormaganimni eslolmayman. Bola edim. Yodimda qolgani shuki, atrofni oppoq qor qoplagan erta tongda rahmatli otamning o‘ndan ortiq tengquri uyimizga kelar edi. U zamonlar odamlarning mehr-oqibati bir-biriga boshqacha edi. Va yana ko‘z oldimda qolgani ¬ qish kunlari uyimizda allamahalgacha qo‘l bola pech yonib turgan issiqqina xonada sahifalari sarg‘ayib ketgan arab alifbosidagi kitoblar o‘qilar, mag‘zi chaqilar edi. Qo‘l telefonlar yo‘q. Odamlar qish faslida televizor, radiolarni ham mukkasidan ketib tomosha qilmas, eshitmas, ko‘proq vaqtlarini kitob mutolaasiga bag‘ishlar edi.
Yoshim andak ulg‘aygach, angladimki, u paytda odamlar islomiy kitoblarni o‘qish man etilgani uchun uylarda yashirincha o‘qishar ekan. Kech kuz. Yettinchimi, sakkizinchimi sinf o‘quvchisi bo‘lganimda ziyrakkina bir sinfdoshimni otasi arab tilidan xabari bor qishloqdoshimiznikiga ergashtirib boradi. U uch oylar chamasi tunlari qatnab, shu uyda saboq oladi. Fanlarni ham yaxshi o‘zlashtirishda boshqalarga namuna bo‘lgan sinfdoshimning arab alifbosini o‘rganayotganidan xabar topgan maktab direktori rosa do‘pposlagani ham ko‘z oldimdan ketmas xotiraga aylangan...

O‘ylab ko‘rsam men ham Imom Termiziy, Imom Buxoriy, So‘fi Olloyor singari buyuk ajdodlarimizning ism-shariflari va asarlari nomini bolalik davrimda uyimizda jam bo‘lgan otamning uzangi yo‘ldoshlari og‘zidan eshitgan, turkona ohangdagi ajoyib masnaviylarni, payg‘ambarimizning aytgan so‘zlari, qilgan ishlari, ul zotga berilgan sifatlar xabar qilingan go‘zal hadislarni tinglagan ekanman. Endi anglayapmanki, u paytda ilmni, ma’rifatni sirdosh do‘st, deb tushungan ota-bobolarimiz ajdodlarimiz merosini yashirincha bo‘lsa-da o‘rgangani, amal qilgani uchun ham hozir ko‘zini qo‘l telefonidan uzolmaydigan ayrim insonlardan farqli ularoq bosiq, halim va madaniyatliroq, xushmuomala, qalbi pok bo‘lgan ekan...
***
Biz kishilik jamiyati yaralibdiki, davrlar evrilib, zamonlar o‘zgarganini, lekin, barcha davr va zamonlarda ham insoniyat qalbida moddiy-ma’naviy ozuqaga ehtiyoj sezilganini, talab bo‘lganini ko‘p gapiramiz. Shu bois odamzod buyuk allomalarning ma’naviy merosidan ozuqa olib ulg‘aygani, kamolga yetganini e’tirof etamiz. Men yodga olgan ota-bobolarimiz o‘tgan asrda sho‘rolar yaratgan mafkurani qalbiga singdira olmagani uchun ham benazir ajdodlarimiz merosiga suyangan. Bu asarlarni nafaqat mutolaa qilgan, balki undan kuch-qudrat olib, ma’naviy yuksaklikka talpingan, huzur-halovat olgan. Ulug‘ allomalarimizning boy merosi ular uchun o‘chmas shamchiroq, ishonchli mayoq vazifasini bajargan. Hayot yo‘llarini bezagan.
Yaqinda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Zebuniso Alimardonova bilan shu haqda ancha suhbatlashdik.

– Islom dini O‘rta Osiyoda madaniyat darajasiga ko‘tarilgan, – deydi Zebuniso Alimardanova. – Bu din urf-odatlarimizni, bizning urf-odatlarimiz islom dinini bezagan. Mutafakkirlarimiz islomni ilm-ma’rifat, tinchlik, birdamlik dini sifatida namoyon etgan. Surxon vohasida tug‘ ko‘tarib turgan Hakim Termiziy, Imom Termiziy, So‘fi Olloyor va boshqa yuzlab allomayu ¬ avliyolarimiz o‘z asarlarida islomga xos ilmu ma’rifat, go‘zal xulq, mehr-muruvvat, vatanparvarlik, poklik, tinchlik singari fazilatlarni ulug‘lagan.
Gurung chog‘ida yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ ajdodlarimiz asarlarini mutolaa qilish o‘tgan asrda ta’qiqlanganiyu, ota-bobolarimizning bu kitoblarni qalb qo‘rida asrab-avaylab, o‘qib, o‘rganganini, darsdan bo‘sh vaqtida islomni o‘rganishga intilgan o‘quvchilar jazolanib, millatimiz mana shunday nodir merosimizdan mosuvo qilinganini o‘zimcha muhokama qildik. Mustaqilligimizning dastlabki chorak asrida ham islom tamadduni va dunyo sivilizatsiyasiga benazir hissa qo‘shgan mutafakkirlarimiz asarlariga bugungidek e’tibor ko‘rsatishga jur’at etilmaganidan andak afsuslandik.
***
Prezidentimiz islom dini tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan olimlarimiz, avliyo va anbiyolarimiz nomini ulug‘lab, ul zotlarning boy merosini chuqur o‘rganish, dunyoga targ‘ib qilish tashabbusini ilgari surgach, asarlarining qadr-qimmati naqadar yuksak ekanini ilg‘ay boshladik. Endilikda Imom Termiziy va boshqa termiziy allomalar asarlari har xil da’volarni ilgari surayotgan yot kuchlar kirdikorlarini fosh etishda noyob manba bo‘lib xizmat qilishini tushundik. Sof islom ta’limoti va ma’naviy barkamollik g‘oyalari ulug‘lanib, zo‘ravonlik, buzuqlik, xunrezlik kabi illatlar qoralangan bu asarlardan yoshlarimizni xabardor qilish o‘zligimizni anglashga, yosh avlod ongi buzilishining oldini olishga ijobiy ta’sir etishini his qildik, amalda ko‘ra boshladik.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 14 fevraldagi “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori o‘tmishda ilm-ma’rifat o‘chog‘i bo‘lgan janubdagi vohada mangu qo‘nim topgan allomalarning ilmiy-ma’naviy merosini mukammal o‘rganish va targ‘ib qilishga qulay muhit, keng imkoniyat yaratdi. Hozir bu dargohda Imom Termiziy va termiziy allomalarning ilmiy-adabiy merosi chuqur o‘rganilib, tadqiq etilmoqda. Asarlari chop qilinmoqda. Olimu fuzalolarimiz merosiga nafaqat mamlakatimiz, balki jahonda yanada katta qiziqish uyg‘onmoqda. Buyuk allomalarga beshik bo‘lgan qadimiy shaharda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi tashkil etilib, diniy ma’lumotli hadis ilmlari, diniy fanlar va arab tili bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani keksalarda havas, yoshlarga shijoat ulashmoqda.
Prezidentimizning 2024 yil 15 avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ham islom dini rivoji yo‘lida xizmat qilgan termiziylarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va ehtiromning amaldagi yorqin ifodasi bo‘ldi. Toshkent, Xiva, Termiz shaharlarida dunyo davlatlaridan kelgan din arboblari, nufuzli ta’lim muassasalari olimlari, muftiylar, taniqli ulamolar ishtirokida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazilib, buyuk termiziylarning islom tamaddunida tutgan o‘rni alohida e’tirof etildi. Kitobxonlarga Imom Termiziyning “Sunani termiziy sharhi”, Abu Ja’far Termiziyning “Tafsir” kitoblari, Xolid ibn Ziyod Termiziy, Munjik Termiziy, Sayyid Ali Termiziy, Muhammad ibn Homid Termiziy, Muhammad Solih Kashfiy Termiziy kabi allomalarning nodir asarlari tuhfa qilindi. Hakim Termiziyning “Qur’onning serma’no so‘zlarini anglash”, “Namoz va uning maqsadlari” kitoblari chop etildi.
– Xalqaro markaz ish boshlaganidan buyon tashkil etgan xalqaro ilmiy konferensiyalarimiz orasida bizga Imom Termiziyning 1200 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan anjuman o‘zgacha ijodiy ruh bag‘ishladi, – deb qoldi bir suhbatda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Muzaffarxon Joniyev. – Chunki, xorijdan kelgan mehmonlarning aksariyati termiziylar haqida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan mashhur olim va ulamolar edi. Ularning ulug‘ mutafakkirlarimiz ilmiy-ma’naviy merosiga bergan tarifu tavsiflari faxr-iftixor hissimizni, asarlarining qo‘lyozma va nashr nusxalarini izlab topishga qiziqishimizni yanada oshirdi. Qisqa vaqtda ul zotlarning aholi xonadonlarida saqlanayotgan o‘nga yaqin qo‘lyozma va nashr etilgan asarlarini topib, kutubxonamizni boyitdik. Nodir bu asarlarni ham ilmiy tadqiq eta boshladik.

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga yo‘lim tushib, bu dargohda ta’lim olayotgan tolibi ilmlarga duch kelsam, o‘quvchilik yillari ulug‘ ajdodlar merosini o‘rganishga qiziqqan sinfdoshim yodga tushadi. Uning tengqurlari oldida izza bo‘lgani, bitiruvchi sinfligimizda ustozlardan biri “qayerga o‘qishga bormoqchisan”, deya savol berganida boshini quyi egib, javob bermaganiyu, o‘shanda sinfdoshlardan boshqa biri bexosdan tilga kirib, “yarasini” yangilagani ko‘z oldimda gavdalanadi:
– Sharqshunos bo‘lmoqchi edi. Poytaxtga o‘qishga borsa kerak...
– Yo‘q!, – deydi sinfdoshim egik qaddini g‘ozdek tik tutib. – U bolalikdagi orzuim bo‘lgan. Uni qishda oppoq qorga ko‘mganman. Muzlab qolgan. Men sharqshunos bo‘lolmayman...
Do‘stimning ko‘z yoshi aralash qat’iy ohangda aytgan shu so‘zini eslasam, hali ham etim uvushib ketadi. O‘shanda maktab direktori yo‘lini to‘smaganida, balki hozir yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, buyuk termiziylarning, chag‘oniylarning sizu bizga yangi manbalarini tuhfa etarmidi, degan xayolga boraman. Goho bir ko‘rishganimizda bugun sof islom dinini o‘rganishga tamomila yangi muhit yaratilganini aytib, bu imkoniyatdan farzandlari foydalanishi, nevaralari Termizda o‘qib, faxr bilan buyuk mutafakkirlarimiz merosini o‘rganishi mumkinligini tavsiya etgim keladi. Bunga ham jur’atim yetmaydi. Bolalikdagi “yara”sini yangilab qo‘ymay, degan andishaga boraman.
***
Adashmayotgan bo‘lsam, mamlakatimiz mustaqil bo‘lganining yettinchi yo sakkizinchi yillari edi. Toshkentdan Termizga poyezdda qaytmoqchi bo‘ldim. To‘rt o‘rinli ixcham vagonga chipta oldim. Yo‘lovchi juda kam. Yetmish yoshlardagi nuroniy hamxona bo‘ldi. Kechki payt. To‘rt o‘rinli joyda ikki kishi ketyapmiz. Tanishdik. Hamrohim Sariosiyo tumanining mashhur Sangardak qishlog‘idan ekan. Aytishicha, poytaxtda yashaydigan nevaralarini ko‘rib qaytmoqda. Otaxon horgan bo‘lsalar-a, degan xayolda ikki piyola bilan bir choynak issiq choy keltirdim. Choyni ho‘plab, gurungni boshladik. Yurtimizda yashab o‘tgan allomayu, avliyolar va ularning hayotlari haqida ham suhbatlashdik.

– Bolam, – dedilar oqsoqol ancha gurunglashganimizdan so‘ng. Bir zum jim turib gapini sekin davom ettirdi. – Ilmsiz taraqqiyot bo‘lmaydi. Taraqqiyotsiz odamzod o‘nglanmaydi. Bu mening emas, ajdodlarimiz gaplari, bolam! Chunki, insonning taqdiri, kechmishlari ilmiga ham bog‘liq bo‘ladi. Deylik, hozir barchamiz taqdirimizni shu poyezdga topshirib, yo‘lda ketyapmiz. Agar safimizda ilmli, yaxshi odamlar ko‘p bo‘lsa, manzilga ertaroq yetib olamiz. Yaxshi va yomon insonlar teng bo‘lsa, andak kechikamiz. Ilmsiz, riyokorlar ko‘proq bo‘lsa, manzilga qiynalib yetib boramiz. Hali shunday kunlar keladiki, qadimda yurtimizda yashab, bizga katta meros qoldirgan buyuk ajdodlarimiz nomi ulug‘lanadi. Yurtimiz yuksalishga yuz tutadi...
***
Sezyapsizmi, birodari aziz, bugun sizu biz o‘sha nurli kunlarga yetib keldik. Bugun faqat Imom Termiziy va termizlik allomalar emas, mamlakatimizda yashab o‘tgan barcha mutafakkirlar ulug‘lanayotgan davrda yashayapmiz. Ular mangu qo‘nim topgan muqaddas qadamjolar obod go‘shaga aylantirilib, nodir ilmiy meroslari tadqiq etilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Kitoblari nashr qilinib, yoshu keksaga yetkazilayotganini, ota-bobolarimizning, islom ilmiga qiziqqan tengdoshlarimizning orzuyu armonlari ushalganini ko‘ryapmiz. O‘tmishda yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk muhaddis, mutasavvif, shoir, adib va boshqa allomalarning bebaho merosini farzandlarimiz o‘qib, o‘rganayotgani, o‘g‘il-qizlarimiz orasida uchinchi renessans bunyodkorlari kamol topayotgani bu bizning faxrimiz, iftixorimiz. Ilmga tashna yoshlarimizning baxt mujdasi, Vatanimiz taraqqiyot sari ildam odimlayotganining yorqin ifodasi – bu!
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri