English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qor ko‘chkisining oldini olish borasida barcha zarur choralar ko‘rilmoqda
19:05 / 2020-12-17

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan “Qor ko‘chkisi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakat qilishga qaratilgan ishlar” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.

Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda mutaxassislar tomonidan qor ko‘chkisining yuzaga kelish sabablari, ko‘chkining oldini olish va yuzaga kelganda oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.  

Qayd etilganidek, Respublikamizning 20 foizga yaqin hududi tog‘li joylardan iborat. Qor ko‘chkilari aynan mana shu hududlar uchun xos bo‘lgan tabiat hodisasidir.

Jizzax viloyatining Zomin va Forish, Samarqand viloyatining Bulung‘ur, Toyloq va Urgut, Surxondaryo viloyatining Boysun, Sariosiyo va Oltinsoy, Qashqadaryo viloyatining Kitob, Dehqonobod va Yakkabog‘, Namangan viloyatining Pop va Chust, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Parkent va Ohangaron tumanlari ichida Toshkent va Namangan viloyatlarida sodir bo‘ladigan qor ko‘chkilari asosan aholi harakatlanadigan joylarga to‘g‘ri keladi. Afsuski, ayni vaziyatlarda insonlarning jabrlanishi va xalok bo‘lishi bilan bog‘liq holatlar kuzatilgan.  

Qor ko‘chkisining yuzaga kelishiga asosiy sabab tog‘ yonbag‘irlariga ko‘p miqdorda qor yog‘ishi, qor qoplami qatlamining buzilishi, qordan so‘ng yomg‘ir yog‘ishi, kunning keskin isishi, yer tebranishi va kuchli ovoz tufayli havodagi tebranishlardir. bugungi kunda bunday tabiiy ofatlarning oldini olish maqsadida respublikamiz bo‘ylab muhofaza tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Jumladan, aholini yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qor ko‘chkilaridan tezkor ogohlantirish tadbirlari Gidrometeorologiya xizmati markazi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, shuningdek, mobil operator tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikda tashkil etilmoqda. 

2020 yilning 1 yanvaridan hozirgi kunga qadar 150 ga yaqin “SMS” xabarlari o‘z foydalanuvchilariga yetkazilgan. Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari orqali keng ko‘lamda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. 

Shuningdek, “Qamchiq” dovonida 8 mingdan ortiq qortutkich o‘rnatilib, yana qo‘shimcha qortutkichlar o‘rnatilmoqda. E’tiborlisi, shu yilning o‘zida ularning 3 mingga yaqini ta’mirlangan bo‘lsa, yana 500 tasi yangi o‘rnatildi. Dovonda qor ko‘chkisi xavfi e’lon qilinganda, maxsus xizmatlar bilan hamkorlikda o‘q otish yo‘li bilan to‘plangan qorni tushirish tadbirlari o‘tkaziladi. Bu vaqtda “Toshkent-O‘sh” dovon yo‘lida avtomobillarning harakati vaqtincha to‘xtatiladi.  

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Parkent tumanlaridagi sayyohlik maskanlari, Chimyon, Bildirsoy hududlarida Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus xizmatlari dam oluvchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida tunu kun navbatchilik olib borishadi.  

Gulnoza BOBOEVA, O‘zA