Qo‘qon shahri o‘zining nafis san’ati, mashhur hunarmandchilik maktabi va adabiy muhiti, ma’rifat va kuchli ma’naviyati bilan nom qozongan. Bu yerda yaratilgan san’at durdonalari nafaqat xalqimizning, balki umumjahon mulkiga aylanib ulgurgan. Latif kentga Jahon hunarmandlar shahri maqomining berilgani ham bu yerdagi milliy hunarmandchilikka bo‘lgan yuksak e’tibor ifodasi bo‘ldi.
Shaharda ustazoda hunarmandlar ko‘plab topiladi. Qo‘qon yog‘och o‘ymakorlik maktabining oltinchi avlod vakili Mirzayunus Umarov shulardan biridir. “Art rezidensiya” hunarmandlar majmuasida Respublika “Hunarmand” uyushmasi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan hunarmandning “San’atga baxshida umr yoxud uzilmagan shajara” nomli ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Qo‘qon yog‘och o‘ymakorligi maktabining asoschisi Qodirjon Haydarov sulolasining davomchisi bo‘lgan ustaning o‘tkir zehni va noyob qobiliyati mahsuli bo‘lgan yog‘och o‘ymakorligi mahsulotlari ko‘rgazmaga o‘ziga xos joziba baxsh etdi. Oddiy yog‘ochdan yaratilgan naqshinkor mahsulotlar ko‘rgazma ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur, Qo‘qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonovlar ustazoda Mirzayunus Umarovning yog‘och o‘ymakorligi san’atidagi o‘ziga xos qirralari xususida so‘z yuritdi.
[gallery-20129]
Qo‘qon yog‘och o‘ymakorligi maktabi an’analarini davom ettirib, 100 nafardan ziyod shogirdlarni tarbiyalayotgan Mirzayunus Umarov bir necha marotaba shahar, viloyat va respublika ko‘rik-tanlovlarida faol ishtirok etib, turli xil nominatsiyalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgani e’tirof etildi. Taniqli ustaning ko‘p yillik mehnat faoliyati hamda yurtimizda yog‘och o‘ymakorligi yo‘nalishini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/geQ2q1HwBt4" title="Oddiy tuproqdan sanʼat asari yaratayotgan kulol" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>– Bugungi e’tibordan juda xursandman, – deydi Mirzayunus aka. – Yog‘och o‘ymakorligi o‘ta sinchkovlik, mahorat va kishidan sabr talab etadigan san’atdir. Shunday bo‘lsa-da, yoshlarning qiziqishi katta ekanligi ko‘nglimni to‘q qiladi. Ulardagi ishtiyoqni ko‘rib, yog‘och o‘ymakorligi san’atining boqiyligiga ishonchim tobora ortib boradi.
Ko‘rgazmani tomosha qilish uchun kelgan san’at ixlosmandlari ichida mamlakatimizning barcha hududlaridan vakillar borligi Qo‘qon yog‘och o‘ymakorligi maktabining nufuzi baland ekanligiga yorqin dalil bo‘ldi.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov (surat, video), O‘zA