Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘qonda yoshlar festivali bo‘lib o‘tmoqda
09:37 / 2021-04-24

Qo‘qon shahrida iqtidorli yoshlar festivali o‘tkazilayotgan bo‘lib, uning doirasidagi ko‘rik-tanlovlar, viktorinalar, ko‘rgazmalar, sport musobaqalari va madaniy tadbirlarda barkamol avlodlarining jo‘shqinlik va shijoati namoyon bo‘lmoqda.

Yoshlar O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasidir. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan, kasb-hunar sirlarini o‘rganishi yo‘lida zarur sharoitlar yaratib berilmoqda. Barcha darajadagi rahbarlarning yoshlar bilan ishlash, ular muammolarini bartaraf etish borasidagi kundalik faoliyati ham farzandlarimizning taqdiri va kelajagiga bo‘lgan yuksak e’tibor ifodasidir. Farg‘ona viloyatida yoshlar bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish borasida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Shahar va tumanlar, chekka hududlarda turli festival va musobaqalar o‘tkazilib, yoshlarni sport, madaniyat va san’atga qiziqishini oshirish, iqtidor egalarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qo‘qon shahrida tashkil etilgan mazkur festival yoshlik, kamolot va sport bayramiga aylandi.

Ko‘hna va navqiron shaharning O‘rda maydoni har kuni barkamol avlod vakillari bilan yanada gavjum bo‘lmoqda. “Quvnoq startlar” musobaqalarida 4 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan yoshlar mahorat va epchilliklarini sinovdan o‘tkazdi. Tadbirlarda iqtidorli yoshlar tomonidan belbog‘li kurash, karate, taekvondo va dzyudo kabi sport turlaridan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etilib, shaxmat va shashka bo‘yicha mini turnirlar o‘tkazilmoqda.

18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida sektorlar kesimida o‘tkazilayotgan voleybol musobaqasida barcha mahallalardan jamoalar ishtirok etmoqda. 700 nafarga yaqin yoshlar jalb etilgan musobaqaning shahar bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoa viloyat bosqichiga yo‘llanma oladi. Mazkur festival doirasida shahar jismoniy tarbiya va sport bo‘limi tomonidan turli sport turlari bo‘yicha yuzdan ziyod musobaqa o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Turon madaniyat saroyida tashkil etilgan ko‘rgazmada yosh rassomlar tomonidan yaratilgan san’at asarlari namoyish etilmoqda. Rasmlarda ona Vatan mavzusi, yurtimiz tabiati va milliy urf-odatlari aks etgan. Shu yerning o‘zida iqtidor egalari ko‘rgazmaga kelganlarning portretini chizib berish xizmatini ham taklif qilmoqda. Shu kunga qadar ko‘rgazmaga minglab tomoshabinlar tashrif buyurdi. Ijod sohasiga qiziqish bildirganlar madaniyat uyi qoshidagi rassomchilik, amaliy san’at, milliy va klassik cholg‘uchilik to‘garaklariga ham a’zo bo‘lib, o‘z iqtidorlarini namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Festival doirasidagi konsert dasturlari nafaqat yoshlar, balki qo‘qonlik va barcha mehmonlarga zavqu-shavq ulashmoqda.

M. Sulaymonov, O‘zA