Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘qonda yodlash marafoni boshlandi
15:07 / 2025-07-23

Qo‘qon shahrida davlat davolash muassasalari bisyor. Undan tashqari o‘nlab oilaviy poliklinikalar bor. Apteka dorixonalarning sanog‘i yo‘q. Shahar hokimi Ma’rufjon Usmonovning ta’kidlashicha, yana yuzta xususiy tibbiy klinika, tashxis-diagnostika markazlari, tibbiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalari mavjud. Lekin... qandli diabet, inson idroki bilan bog‘liq bemorliklar soni keskin kamaymayapti. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bu faqat Qo‘qon shahridagina emas.

Mutaxassislarning o‘rganishi, tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, bu kabi kasalliklar zamirida yod yetishmasligi yotadi. Davlat rahbarining “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2022 yil 26 yanvardagi 102-sonli qaroridan so‘ng muammo yechimiga qaratilgan bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan Qo‘qon shahrida ham. Mana endi shahar hokimining tashabbusi bilan Qo‘qonda yod yetishmasligiga barham berish marafoni tashkil etildi. U shahardagi mansubligidan qat’iy nazar barcha tibbiy xizmat vakillarining malaka oshirishidan boshlandi. Ularga yod yetishmasligi oqibatlari va unga qarshi samarador kurash yo‘llari tushuntirildi.

– Asosan yosh bolalar, o‘smirlarda jismoniy, aqliy, ruhiy zaiflashuvini olib keladi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filiali rahbari Ozodbek Mavlonov. – Yoshi kattalarda esa fikrlash, qaror qabul qilish qobiliyatining pasayishi, ishda faollikning susayishi va oshqozon hazm qilish funksiyasining ishdan chiqishiga olib keladi. Hamda insonda ruhiy charchash ro‘y beradi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, insonda yod taqchilligi uning ruhiy holatini yashirin ko‘rinishda izdan chiqaradi. U o‘zi bilmagan, sezmagan holda xudbinlashadi.

– Yod tanqisligining oddiy belgilaridan yana biri – kattalarning badjahl bo‘lib qolishlari, shaxsda egoizm qaror topishi, kelajakni orzulamay buguni bilan yashaydigan insonga aylanib qolishida ko‘rinmoqda, – deydi Ozodbek Mavlonov. – Jamoat joylarida atrofidagilarga hurmatsizlik bilan muomala qiladi. Bularning hammasi yod tanqisligining belgilaridir.

Yod yetishmovchiligining oldini olish ikki ko‘rinishda bo‘lib, biri ommaviy, ya’ni osh tuzini yodlash va ikkinchisi individual davolash, ya’ni yodamarin kabi dori-darmonlar qabul qilish bilan bo‘ladi, demoqda mutaxassislar. Shuning uchun Qo‘qonda boshlangan marafon doirasida tibbiyot sohasi vakillari mahalla yettiligi bilan uyma-uy yurib oilaning har bir a’zosi bilan alohida suhbatlashyapti. Ularga tegishli ma’lumotnoma-tavsiyalar yozilgan bukletlar tarqatilyapti. Yodlangan osh tuzi tarkibidagi yod issiqda uchib ketmasligi uchun tuzni rangli idishda o‘choq-qozondan ancha narida saqlash kerakligi, oilaning eng kichik a’zosigacha tarkibida yod bo‘lgan dorilarni muntazam ichib turishlari shartligini hayotiy misollar asosida tushuntirishmoqda.

Qo‘qon hokimligining tashabbusi – yodlash marafonini viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham o‘tkazish maqsadga muvofiqdir.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/MJS-Z70o2a4?si=fhPHNYIKjB3jj88A" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muallif: Muhammadjon Obidov

Tasvirchi: Elyor Olimov