French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘qonda yana bir muzey ochildi (+video)
17:27 / 2025-09-19

G‘ada Hijjaviy-Qaddumi nomi dunyo hunarmandlari uchun qadrli. U butun umrini xalq iste’dodini yuzaga chiqarish, hunarmandchilikni rivojlantirib san’at maqomini olishi va usta- ustazodalarni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlagan edi. Qo‘qon I xalqaro hunarmandchilik festivalining tashkilotchilaridan biri ham G‘ada xonim bo‘lgan. Afsus, bugun u oramizda yo‘q.

Ammo uning qilgan ishlari munosib taqdirlanmoqda. Festivalning birinchi kuni tarixiy voqea ro‘y berdi.

Qo‘qon shahri markazidagi Allomalar muzeyi rasmiy ravishda Xalqaro hunarmandlar muzeyi maqomini oldi va unga jahon hunarmandchiligini rivojlantirishda katta hissa qo‘shgan arbob, tadqiqotchi va ziyoli xonim G‘ada Hijjaviy-Qaddumi nomi berildi.

[gallery-25380]

– Men onamning kamtarona faoliyatiga shunday yuksak baho berilishini kutmagandim, – deydi G‘ada xonimning o‘g‘li, Jahon hunarmandlar kengashi raisi Saad al Qaddumi. – Onam O‘zbekiston haqida hamisha yuksak ehtirom bilan gapirib berar edi. Uning xalqi iste’dodli, Prezidenti esa xalqparvar rahbar, derdi. Hunarmandlar muzeyiga onamning nomi berilishi men uchun ham juda katta mas’uliyat yuklaydi. Endi kuchimga kuch qo‘shib ishlayman.

Muzey maqomi doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qilib belgilandi. Festival ishtirokchisi bo‘lgan hunarmandlar o‘zlarining 600 dan ziyod mahsulotlarini muzeyda namoyish qilish uchun beg‘araz hadya etdilar.

– Men G‘ada Hijjaviy-Qaddumi xonim bilan 2019 yili Qo‘qon I xalqaro hunarmandchilik festivalida tanishgan edim. Shubhasiz, G‘ada xonim dunyo hunarmandchiligi rivojiga juda katta hissa qo‘shgan, – deydi Rossiya vakili boshqiristonlik Go‘zal Karimova.  

Hunarmandlar muzeyiga asos solish va unga G‘ada xonim nomi berilishiga bag‘ishlangan tantanada muzey zallari yaqin vaqt ichida hunarmandchilikning barcha yo‘nalishlarida yaratilgan jihozlar bilan to‘ldirilishi, keyinroq esa alohida bino qurilishi ta’kidlandi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HmFfAOAsfoo" title="Qo‘qonda yana bir muzey ochildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat, video), O‘zA